"Paxtakor" — "Surxon" uchrashuvidagi bahsli vaziyat bo‘yicha rasmiy tahlil e’lon qilindi.
Superliganing 18-turidan o‘rin olgan bahsning 90+4-daqiqasida "Paxtakor" tomonidan kiritilgan gol VAR orqali tekshirildi. Ofsayd chiziqlari chizilgandan so‘ng, "Paxtakor"ning 17-raqamli futbolchisi to‘p uzatilgan paytda ofsayd holatida bo‘lgani va to‘p uchun faol kurashga kirishgani aniqlangan. VAR hakami bu haqda bosh hakamga ma’lumot bergan va gol bekor qilingan.
Tahlilga ko‘ra, ofsayd chiziqlari texnik jihatdan to‘g‘ri chizilgan. VAR hakami darvoza ortidagi kamera yordamida to‘pga zarba berilgan paytni belgilab, ofsayd kamerasi orqali himoyachi va hujumchiga tegishli chiziqlarni chizgan. Ushbu jarayon har bir o‘yin oldidan "Hawk-Eye" mutaxassislari va VAR operatorlari tomonidan kameralar kalibrovkasi hamda sinxronizasiyasi amalga oshirilgandan keyin bajariladi.
Bahsli epizodda darvozabon va ofsayd holatidagi hujumchi o‘rtasidagi masofa qisqa bo‘lgan. Darvozabon havodan kelayotgan to‘pga erkin egalik qilish imkoniga ega bo‘lmagan va u to‘pga tegishi bilan "Paxtakor" hujumchisi unga tezkor bosim o‘tkazib, to‘p uchun kurashga kirishgan. Shu sabab VAR hakamining ofsayd bo‘yicha xulosasi to‘g‘ri deb topilgan.
Biroq asosiy xato qaror qabul qilish jarayonida yuz bergan. Ushbu vaziyatda yakuniy qarorni VAR hakami emas, maydondagi bosh hakam monitor orqali epizodni shaxsan ko‘rib chiqqandan keyin qabul qilishi lozim edi. VAR hakami Ravshan Abduvohidov bosh hakamni monitorga chaqirmagan va shu tariqa VAR protokoli talablarini buzgan.
Natijada Ravshan Abduvohidov golni ofsayd deb baholagani uchun emas, balki VAR protokoliga rioya qilmagani uchun jazolandi. U Superliganing 2026 yilgi mavsumi yakuniga qadar bosh hakam va VAR hakami sifatida ishlashdan chetlatildi.