O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Odil Hamrobekov «CAFA Nations Cup» musobaqasi oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Erondagi faoliyatim yaxshi boshlandi. Bu hamma futbolchi uchun quvonarli. U yerdan kelib, milliy jamoa mashg‘ulotlariga qo‘shildim. Bugundan musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz.
Terma jamoalar markazi»dagi sharoitlar zo‘r. Futbolchilar uchun barcha qulayliklar mavjud. Musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarlicha sharoit yaratib berilgan.
Milliy jamoalarda ko‘p vaqt bo‘lmasligimiz sabab bu yerda har qanday o‘yin yoki turnir darajasidan qat’iy nazar yuqori ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu nafaqat futbolchilar uchun, balki murabbiylar uchun muhim deb o‘ylayman.
Oldimizga qo‘yilgan jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddaladik. Endi mundialda munosib ishtirok etish uchun jadal tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim.
Dastlabki o‘yinlarda yetakchi legioner futbolchilarning yo‘qligi qanchalik ta’sir qilishini vaqt ko‘rsatadi. Lekin bu jarayonda ularning o‘rnida o‘ynaydigan futbolchilar o‘zini ko‘rsatish uchun yaxshigina imkoniyatga ega bo‘ladi.
O‘mon — yaxshi shakllangan jamoa. Natijalari, sovrinlari bilan maqtana olmasa ham raqiblariga jiddiy qarshilik ko‘rsata olishi bilan nom qozongan.
Hozir ular Karlush Keyrush qo‘l ostida yanada jiddiy jamoaga aylanib bormoqda. Menimcha, ertaga yaxshi saviyadagi o‘yin guvohi bo‘lamiz.
Milliy jamoa bosh murabbiyligi haqida rasman tasdiqlangandan keyin gapirsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Hozirgi kunda Temur Tohirovich (Kapadze) bosh murabbiyimiz hisoblanadi. Aynan uning ko‘rsatmalari bilan turnirga tayyorgarlik ko‘ryapmiz», — dedi Hamrobekov.