Nukus tumanida joylashgan «Max Service Gaz» MCHJning 2,6 mlrd so‘mdan ortiq soliq qarzdorligiga doir ish Majburiy ijro byurosi Nukus tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Xabar qilinishicha, majburiy undiruvga qaratilgan mazkur ish haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasining tegishli qarori chiqarilgan bo‘lib, MIB ijrochisi tomonidan qarzdorga ushbu qaror ijrosini ta’minlash uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan hamda sud qarorining ijrosini ta’minlamaslik oqibatlari tushuntirilgan.
Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, uning nomida aniqlangan metan qo‘yish shaxobchasi tegishli tartibda xatlovga olingan.
Xatlangan mulk jami 7 mlrd 656,5 mln so‘mga baholatilib, elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilgan.
Ushbu mulk o‘tkazilgan auksion savdolarida 3 mlrd 828 mln so‘mga sotilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari qarzdorning davlat byudjeti oldidagi qarzdorligini qoplashga yo‘naltirildi.