Norvegiya dunyoda birinchi bo‘lib jamoat joylarida «aqlli ko‘zoynaklar»ni taqiqlamoqchi.
Norvegiya jamoat joylarida «aqlli ko‘zoynaklar»dan foydalanishni vaqtincha taqiqlashni rejalashtirmoqda. Taqiq parklar, plyajlar, muzeylar, savdo markazlari, maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, sport zallari va ommaviy tadbirlarga taalluqli bo‘lishi mumkin.
Norvegiya hukumati bu tashabbusni shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilish zarurati bilan izohlamoqda. Raqamlashtirish va davlat boshqaruvi vaziri Torgeyr Mikaelsenning aytishicha, odamlar odatda kuzatuv ostida emasligini his qiladigan joylarda yashirincha suratga yoki videoga olinayotganidan xavotir olmasligi kerak.
Qonun loyihasini hukumatni boshqarayotgan Ishchilar partiyasi ilgari surgan. Uni imkon qadar tezroq parlamentga kiritish rejalashtirilmoqda, biroq qabul qilinishi uchun boshqa siyosiy kuchlarning ham qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi.
Tashabbus Yevropada, ayniqsa Meta Platforms tomonidan ishlab chiqarilayotgan kamerali «aqlli ko‘zoynaklar» tufayli xavotirlar kuchaygan bir paytda ilgari surilmoqda.
Fransiyada bolalar huquqlarini himoya qiluvchi e-Enfance tashkiloti ayollarning roziligisiz yashirincha tasvirga olish bilan bog‘liq 20 ga yaqin holat haqida xabar olgan. Ayrim videolar keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgan. Parij prokuraturasi ushbu holatlar yuzasidan tergov olib bormoqda.