Bugun 25 avgust, 2026 yil, seshanba

КИР

Noqonuniy migrasiyani tashkil etganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosi taklif etilmoqda

Noqonuniy migrasiyani tashkil etganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosi taklif etilmoqda

O‘zbekistonda noqonuniy migrasiyani tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Bu haqdagi qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Loyiha bilan Jinoyat kodeksiga «Noqonuniy migrasiyani tashkil etish» deb nomlangan yangi 223¹-moddani kiritish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, iqtisodiy manfaat ko‘rish maqsadida qonunchilikda belgilangan migrasiyani tashkillashtirish tartibini buzgan holda noqonuniy migrasiyani tashkil etish, unga rahbarlik qilish yoki ko‘maklashish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Bunda transport vositasi yoki turar joy taqdim etish orqali chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yoki O‘zbekiston fuqarolarini belgilangan tartibni buzgan holda mamlakatga olib kirish, davlat chegarasidan olib o‘tish, chet elga olib chiqish yoki O‘zbekiston hududi orqali tranzit tarzida boshqa davlatga noqonuniy o‘tishi yoki mamlakatdan chiqib ketishiga qaratilgan faoliyatni tashkil etish ham qamrab olinadi.

Qonun loyihasida bunday qilmish uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi taklif etilmoqda.

Agar harakat:

  • ko‘p miqdorda;
  • bir guruh shaxslar tomonidan;
  • mansabdor shaxslar tomonidan;
  • takroran yoki xavfli residivist tomonidan;
  • uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilsa,

5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Noqonuniy migrasiya:

  • juda ko‘p miqdorda;
  • hayot yoki sog‘liq uchun xavfli usulda amalga oshirilsa;
  • boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa,

10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi taklif etilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat-prosessual kodeksiga mazkur jinoyat bo‘yicha dastlabki tergovni ichki ishlar organlari tergovi yuritishi haqidagi qo‘shimcha kiritish nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi mualliflariga ko‘ra, yangi normalarni joriy etishdan maqsad noqonuniy migrasiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish hamda bu sohadagi jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashdan iborat.

Kiritildi: 19:47 24.08.2026. O'qildi: 517 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!