“Nobel” mukofotidan ham voz kechish mumkin ekanmi?” deb so‘rashingiz mumkin. Ha, mumkin, faqat o‘z xohish bilan emas, siquv ostida. Bunday hol rus yozuvchisi Boris Pasternak bilan 1958 yilda sodir bo‘lgan. Aynan shu yili “Nobel” komiteti unga “Doktor Jivago” romani uchun taqdirlanishi haqidagi quvonchli xabarni yetkazgan edi.
Bunga javoban yozuvchi telegramma yubordi: “Behad minnatdorman, ta’sirlandim, lolman va xijolatdaman”. Shundan keyin Sovet Ittifoqi Komunistik Partiyasining Markaziy Komiteti tomonidan Pasternakning siquvga olinishi boshlandi. O‘z vatanida hayoti davomida qilgan mehnati, yozgan asarlari antisovet, ya’ni sho‘rolar tuzumiga qarshi, deb tan olindi, mahoratining dunyo miqyosida tan olinishi esa – davlatga qarshi munosabat deb baholandi.
Hujumlar gazetadagi maqolalarda ham davom etdi, Boris Pasternakni yozuvchilar uyushmasidan chiqarib yubordilar, uning tomonidan tarjima qilgan pesalar teatr repertuaridan olib tashlandi. Ish shu darajaga yetdiki, uni Sovet Ittifoqi fuqaroligidan chiqarishni talab qilishdi. Bu oxirgi tomchi yozuvchining sabr kosasini to‘ldirib yubordi va u oxir-oqibat mehnatlari evaziga erishgan ushbu nufuzli mukofotdan voz kechishga majbur bo‘lgan.
Yillar o‘tib, haqiqat qaror topdi, biroq yozuvchining o‘zi bu quvonchli kunlarga yetib kela olmadi. “Nobel” mukofotining diplom va medali yozuvchining o‘g‘liga topshirildi.
Manba: odam.uz