Iroq bosh vaziri Ali az-Zaydiy Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shi’a qurolli guruhlarini qurolsizlantirish bo‘yicha jiddiy siyosiy va xavfsizlik to‘siqlariga duch kelmoqda.
Zaydiy iyul oyida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashganidan so‘ng kuchli qurolli guruhlarni 30 sentyabrga qadar qurolsizlantirishga va’da bergan. Bu sana AQSh boshchiligidagi xalqaro koalisiya kuchlarining Iroqdan olib chiqilishi rejalashtirilgan muddatga to‘g‘ri keladi.
Biroq bosh vazir Yaqin Sharqdagi urush davomida AQSh nishonlariga hujum qilib, Tehronni qo‘llab-quvvatlagan Eronning Iroqdagi ittifoqchi qurolli guruhlarining kuchli qarshiligiga duch kelmoqda.
2025 yilda Iroqdagi Eron tarafdori bo‘lgan bir qator kuchli qurolli guruhlar AQSh ma’muriyati bilan keskinlik yanada kuchayishining oldini olish maqsadida qurolsizlanishga tayyor ekanini bildirgan edi. Ammo bu va’dalar amalga oshmadi.
Reuters va hukumat manbalari ko‘rib chiqqan xavfsizlik hujjatiga ko‘ra, 17 avgust kuni bosh vazirga bevosita bo‘ysunuvchi maxsus kuchlar Eron bilan yaqin aloqada bo‘lgan «Harakat an-Nujabo» guruhining razvedka rahbarini hibsga olgan. U AQSh manfaatlariga qarshi dron hujumlariga aloqadorlikda gumon qilingan.
Uning 48 soat hibsda saqlanishi guruhning qasos olish tahdidlariga sabab bo‘lgan va vaziyatni yumshatish uchun yuqori martabali shi’a siyosatchilari aralashgan.
Bir hafta o‘tib, Iroq maxsus kuchlari AQSh manfaatlariga qilingan hujumlarni tashkil etishda gumon qilingan yana to‘rt nafar qurolli guruh a’zosini, jumladan mahalliy qo‘mondonni hibsga olgan.
Shi’a siyosatchilari qurolli guruhlarga nisbatan keskin choralar ko‘rish qurolsizlanish jarayonini imkonsiz qilishi va mamlakatda beqarorlikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Qurolli guruhlar esa AQSh boshchiligidagi koalisiya kuchlari Iroqda qolar ekan, qurollarini topshirishga tayyor emasligini bildirgan.
Reuters suhbatlashgan siyosiy va xavfsizlik manbalariga ko‘ra, Eron bilan hamkorlik qiluvchi beshta qurolli guruh hukumatning 30 sentyabrga qadar qurollarni topshirish, tashkilotlarni tarqatish va a’zolarini davlat xavfsizlik kuchlari tarkibiga qo‘shish talabini rad etgan.
Avgust oyida eng kuchli qurolli guruhlardan biri bo‘lgan «Kataib Hizbulloh» Zaydiyni tanqid qilgan bayonot berib, muloqot uchun bir qator shartlarni ilgari surgan. Ular orasida Amerika kuchlari Iroqqa hech qachon qaytmasligiga kafolat berish hamda AQShning Iroqdagi siyosiy va iqtisodiy qarorlarga ta’sirini cheklash kabi talablar bor.
Xavfsizlik manbalariga ko‘ra, ushbu qurolli guruhlar Iroqdagi «Islomiy qarshilik» harakati tarkibiga kiradi. Unda 10 ga yaqin qattiqqo‘l shi’a qurolli guruhi bo‘lib, ularning umumiy jangchilari soni 50 ming nafarga yaqin deb baholanadi.
Guruhlar ixtiyorida uzoq masofaga uchuvchi raketalar va zenit qurollarini o‘z ichiga olgan katta arsenal mavjud. Ular so‘nggi yillarda Iroq va Suriyada Isroil hamda AQSh kuchlariga qarshi o‘nlab raketa va dron hujumlarini amalga oshirgan.
Qurolli guruhlar dronlardan aniq zarbalar berish bo‘yicha ham tobora ko‘proq tajriba to‘plamoqda. Shuningdek, ular qurilish, ko‘chmas mulk va valyuta ayirboshlash sohalarida ham biznes manfaatlariga ega.