Bojxona qo‘mitasining “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona komlpeksi Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi, “Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyati bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda aniqlangan holatda ham narkotik moddalarni transchegaraviy o‘tkazish va yashirin narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi.
Gap shundaki, Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli fuqaro nomiga Niderlandiyadan yuborilgan xalqaro kuryerlik jo‘natmasida hujjatlarga ko‘ra turli konfetlar yuborilgani aniqlandi. Ammo, sirtdan qaraganda beziyon va bejirim ko‘ringan bu konfetlar bojxona xodimlarini shubhalantirib qo‘ydi.
Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasida o‘tkazilgan ekspertiza shubhalarni tasdiqladi. Jo‘natmadagi konfetlar aslida og‘u – 1 kg. 351 gr. “klefedron” sintetik narkotik moddasi ekanligi aniqlandi.
Masalaning ayanchli jihati shundaki, o‘z nomiga jo‘natma yuborilgan shaxs 10 mln so‘m pul evaziga o‘zning nomiga jo‘natma yuborilishiga, u esa jo‘natmani qabul qilib olib, boshqa shaxsga yetkazishga rozi bo‘lgan.
Tezkor tadbir davomida jo‘natmani ushbu shaxsdan qabul qilib olishi kerak bo‘lgan 36 yoshli boshqa bir fuqaro ham qo‘lga olindi va uning Yashnobod tumanidagi xonadoni ko‘zdan kechirildi.
Natijada, xonadonda giyohvandlik moddalarini tayyorlash va taqsimlash uchun yashirin narkolaboratoriya tashkil etilganligi fosh bo‘ldi.
Narkolaboratoriyadan 5,3 kg. og‘irlikdagi sintetik narkotik moddalar, ularni tayyorlashda foydalanilgan turli kolbalar, polietilen o‘ramlar, mikser, turli kimyoviy suyuqliklar va boshqa asbob-uskunalar daliliy ashyo tariqasida olib qo‘yildi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan joniyat ishi qo‘zg‘atildi.