Tramp NATO bosh kotibi bilan uchrashdi va yana Grenlandiya haqida so‘z ochdi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Bu Trampning Eronga qarshi urushda ittifoqchilarni yordam bermaganlikda ayblab, keskin tanqid qilganidan keyingi ilk yuzma-yuz muloqoti bo‘ldi.
Avvalroq Tramp AQSh ushbu tashkilotdan chiqib ketishi mumkinligiga sha’ma qilgan va NATO'ni "qog‘oz yo‘lbars" deb atagan edi. Oq uy matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, aynan shu masala muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvni Ryutte "juda ochiq va samimiy" deb ta’rifladi, biroq Tramp NATO'dan chiqish haqida gapirdimi-yo‘qmi — buni ochiqlamadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ittifoqchilarning xatti-harakatlaridan "g‘azabda".
"NATO bizga kerak bo‘lganda yordam bermadi. Grenlandiyani — ushbu katta, yomon boshqariladigan muz parchasini eslab qoling!", – deya Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida izoh qoldirdi AQSh prezidenti.
Trampning Daniya tarkibidagi avtonom hudud — Grenlandiyani "qo‘lga kiritish" istagi NATO ichida inqirozga sabab bo‘lgan edi.
The Wall Street Journal nashrining manbalariga ko‘ra, Tramp Eron bilan urushda qatnashishdan bosh tortgan Yevropa davlatlarini "jazolash" yo‘llarini izlamoqda.