Niderlandiya hukumati mamlakat bayrog‘i ostida suzuvchi kemalar orqali Isroilga harbiy yuklar tashilishiga aralashish imkoniyatiga ega emas. Bu yuk Niderlandiyadan eksport qilinmagan yoki mamlakat hududi orqali tranzit o‘tmagan holatlarga taalluqli.
Bu haqda Niderlandiyaning tashqi savdo va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlik vaziri Syord Syordsma parlamentga yo‘llagan maktubida ma’lum qildi.
Hujjatda ushbu masala Isroilning Livan va G‘azo sektorida olib borayotgan harbiy amaliyotlari fonida Niderlandiyaning Genosid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiyadan kelib chiquvchi majburiyatlari nuqtai nazaridan baholangan.
Qayd etilishicha, Niderlandning eksport nazorati qoidalari faqat mamlakatdan harbiy mahsulotlar eksportiga, shuningdek, Niderland hududida yuk tushirilib, boshqa transport vositasiga qayta yuklanadigan tranzit tashuvlariga nisbatan qo‘llanadi.
Niderland hududidan tashqarida mamlakat bayrog‘i ostida suzuvchi kemalarda tashilayotgan yuklarga esa mahsulot eksport qilinayotgan davlatning eksport qonunchiligi tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, Niderland Isroilga harbiy mahsulotlarni eksport qilish va tranzit qilishga faqat ulardan mutlaqo mudofaa maqsadlarida foydalanilishi mumkin bo‘lgan holatlarda ruxsat beradi. Hujjatda bunga misol sifatida «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi uchun mo‘ljallangan komponentlar keltirilgan.
Shuningdek, Isroilda bevosita jangovar maqsadlarda foydalanish ko‘zda tutilmagan, ishlab chiqarish, texnik xizmat ko‘rsatish yoki namoyish maqsadlariga mo‘ljallangan harbiy mahsulotlarga ham tegishli ruxsatnomalar berilishi mumkinligi qayd etilgan.