Bugun 9 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Niderlandiya TikTok yordamida yoshlarni armiyaga jalb qilmoqchi

Niderlandiya TikTok yordamida yoshlarni armiyaga jalb qilmoqchi

Niderlandiya Mudofaa vazirligi harbiy xizmat haqidagi yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurashish va armiyaga yangi askarlarni jalb qilish uchun TikTok’dan foydalanmoqchi. Ammo hukumat TikTok’ni xizmat telefonlariga o‘rnatishni taqiqlagani uchun vazirlik hozircha ilovadan foydalana olmayapti, deb xabar berdi Algemeen Dagblad (AD) gazetasi.

Parlamentdagi muhokamalar chog‘ida Niderlandiya mudofaa vazirining o‘rinbosari Derk Bosveyk vazirlik yangi ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, TikTok’da ham faoliyat boshlamoqchi ekanini ma’lum qilgan. Idoraning ushbu platformaga qiziqishiga uning yoshlar orasida mashhurligi sabab bo‘lgan.

TikTok yordamida vazirlik bir yillik harbiy xizmatga kirgan yoshlar darhol Ukrainaga yuborilishi haqidagi yolg‘on xabarlarga qarshi kurashmoqchi. Bosveyk bunday ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan.

2023 yilda Niderlandiya hukumati TikTok orqali josuslik qilinishi mumkinligidan xavotirlanib, davlat xizmatchilariga ilovani xizmat telefonlariga o‘rnatishni taqiqlagandi. Bu cheklov Mudofaa vazirligiga ham tatbiq etilgan.

Hozir vazirliklarning axborot xizmatlari rahbarlari TikTok’dan foydalanish masalasini muhokama qilmoqda. Ular Amsterdam shahar hokimiyati tajribasini ham kuzatmoqda. Shahar ma’muriyati o‘tgan yil oxirida 15–18 yoshli o‘smirlar bilan muloqot qilish uchun TikTok’dagi faoliyatini qayta boshlagan edi.

Bosh vazir devoni vakilining tushuntirishicha, davlat xizmatchilariga TikTok’dan foydalanishga ruxsat berilsa, ular uchun alohida telefon ajratilishi kerak bo‘ladi. Bu telefonga faqat TikTok o‘rnatilishi va u hukumatning ichki tarmog‘iga ulanmasligi shart.

Shunga o‘xshash usuldan “Ozodlik va demokratiya uchun xalq partiyasi” hamda “Demokratlar-66” siyosiy partiyalari allaqachon foydalana boshlagan. Ular yoshlar e’tiborini jalb qilish maqsadida TikTok’dagi faoliyatini qayta tiklagan.

Kiritildi: 23:27 08.10.2026. O'qildi: 547 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!