“Santos” hujumchisi Neymar AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati uchun Braziliya terma jamoasining yakuniy tarkibiga kirish maqsadida kutilmagan qaror qabul qildi. Marca nashrining xabar berishicha, futbolchi joriy yilning yoziga qadar jamoasining mehmondagi uchrashuvlarida maydonga tushmaslikka qaror qilgan.
Neymarning bunday yo‘l tutishiga o‘tgan yili olgan og‘ir jarohati qaytalanishidan qo‘rqayotgani sabab bo‘lmoqda. Shu tariqa, Neymar safar o‘yinlaridagi jismoniy yuklamalarni minimallashtirish orqali o‘z sog‘lig‘ini asrab qolmoqchi.
Endilikda Neymarda terma jamoa bosh murabbiyi Karlo Anchelottiga o‘zining hali ham yuqori saviyadagi futbolchi ekanligini isbotlash uchun atigi yettita uy uchrashuvi qoldi. Aynan shu o‘yinlardagi harakatlari uning Jahon chempionatiga borish yoki bormasligini hal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, italiyalik mutaxassis Braziliya terma jamoasining yakuniy qaydnomasini 18 may kuni e’lon qilishi kutilmoqda. Avvalroq Anchelotti yulduz futbolchini yaqin oradagi o‘rtoqlik o‘yinlariga jalb etmagani sport jamoatchiligi o‘rtasida turli muhokama va shubhalarga sabab bo‘lgan edi.