Izrail Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azoda otashkesim e’lon qilish orqali keng qamrovli tinchlik kelishuvini ilgari surmoqda. Biroq Washington Post nashri yozganidek, bu tashabbus voqelikdan uzoq — G‘azoda bombardimonlar, gumanitar inqiroz va aniq rejaning yo‘qligi saqlanib turibdi. Nashrga ko‘ra, Tramp ham, Netanyaxu ham voqeiy vaziyatni tushunmayapti, ularning taklifi esa doimiy tinchlikka olib bormaydi.
Tramp "Avraam kelishuvlari" ruhini qayta jonlantirmoqchi. Bu kelishuvlar orqali 2020 yilda Isroil BAA, Bahrayn, Marokash va Sudan bilan munosabatlarni normallashtirgan edi. Hozirda Tramp Saudiya Arabistoni va hatto urushdan keyingi Suriyani ham jarayonga jalb etishga intilayapti.
WP tahliliga ko‘ra, Netanyaxu ham bu jarayonni o‘z siyosiy manfaatlari uchun ishlatishni xohlayapti. Yaqinda Eronga berilgan havo zarbalari ortidan u diplomatik yutuq namoyish etishni istaydi — bu unga yaqinlashib kelayotgan saylovlar arafasida obro‘ va ta’sirni saqlab qolishga yordam berishi mumkin.
Voqelik mutlaqo boshqa. Izrail G‘azoga havo zarbalari berishda davom etayapti. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har kuni tinch aholi o‘lmoqda. Dorilar va hatto jasadlar uchun paketlar yetishmaydi. AQSh kontraktchilari va Isroil harbiylari ham shohidlik qilganidek, och qolayotgan falastinliklar ustidan o‘q uzilmoqda, ularning tinch fuqaro ekani ma’lum bo‘lgan holda ham.
Isroil hukumati tanqidlarga qaramay, ayblovlarni rad etayapti. Ammo G‘azodagi insonparvarlik fondi — GHF faoliyati ham qattiq tanqid ostida.
Isroil armiyasi hukumatni tanqid qilmoqda. Harbiylarga ko‘ra, urush davom ettirish asirlarni qaytarishga yordam bermaydi. Ular "28 asir (10 tirik, 18 jasad)"ni qaytarish evaziga 60 kunlik otashkesim va gumanitar yordamni ko‘zda tutuvchi kelishuvga chaqirmoqda.
Biroq o‘ta o‘ngchi vazirlar — Besalel Smotrich va Itamar Ben-Gvir bunday kelishuvlarga qarshi chiqmoqda. Ular XAMAS to‘liq yo‘q qilinmas ekan, hech qanday kelishuvga rozi bo‘lmasligini va zarurat bo‘lsa hukumatni tark etishini aytgan.
Netanyaxu hukumatidagi ba’zi vazirlar G‘azoni to‘liq okkupasiya qilish yoki falastinliklarni chiqarib yuborish taklifini bermoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar buni xalqaro huquqni buzish va hatto etnik tozalash deb baholamoqda. Arab yetakchilari esa ta’kidlayapti: falastin masalasi hal qilinmas ekan, tinchlik haqida gapirib bo‘lmaydi, xususan Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish haqida ham.