Bugun 21 dekabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Netanyaxu Eronga yangi zarba berishni rejalashtirmoqda

Netanyaxu Eronga yangi zarba berishni rejalashtirmoqda

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronga qarshi ehtimoliy yangi zarbalar haqida AQSh prezidenti Donald Trampni xabardor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda NBC News xabar berdi.

Isroil rasmiylarini Tehron uran boyitish ob’ektlarini qayta tiklayotgani, ballistik raketalar ishlab chiqarishni jadallashtirayotgani va zarar ko‘rgan havo hujumidan mudofaa (PVO) tizimlarini qayta qurishga urinayotgani jiddiy tashvishlantirmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Tramp va Netanyaxu dekabr oyi oxirida Floridada uchrashishi kutilmoqda. Ushbu uchrashuvda Netanyaxu Oq uy rahbarini Eronning ballistik raketa dasturini kengaytirishi jiddiy xavf tug‘dirishini va bu zudlik bilan javob choralarini talab qilishi mumkinligini ishontirishni maqsad qilgan.

Manbalarga ko‘ra, Netanyaxu Vashingtonga bir nechta ssenariylarni taklif qilishi mumkin — Isroilga cheklangan qo‘llab-quvvatlashdan tortib qo‘shma harbiy operasiyagacha.

NBC ta’kidlashicha, Isroilning xavotiri Eronning AQSh bilan muzokaralarni qayta boshlashga qiziqish bildirishi bilan ham bog‘liq. Manbalar fikricha, bu holat Isroilning Vashington bilan yangi zarbalar bo‘yicha kelishuvga erishishini qiyinlashtirishi mumkin.

Iyun oyida AQSh «Yarim tungi bolg‘a» (“Midnight Hammer”) operasiyasi doirasida Eronga zarbalar bergan. Unda 100 dan ortiq samolyot, suvosti kemasi va yettita B-2 bombardimonchi qatnashgan. Mustahkam inshootlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan, og‘irligi 30 ming funt bo‘lgan bombalar qo‘llanilgan.

Shu bilan bir vaqtda Isroil kuchlari Eronning raketa majmualariga zarba bergan. Shuningdek, 2024 yil aprel va oktyabr oylaridagi Isroil zarbalari natijasida Eronning barcha PVO tizimlari shikastlangan.

Kiritildi: Bugun 18:57. O'qildi: 474 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!