Isroil bosh vaziri bu haqda Iordan daryosining G‘arbiy Sohilida bo‘lib o‘tgan konferensiyadagi nutqida ma’lum qildi.
"Biz G‘azoning 50 foizini nazorat qilayotgan edik, keyin 60 foizini egalladik. Mening buyrug‘im – 70 foizga yaqinlashish, ishni mana shundan boshlaylik. Biz HAMASni har tomondan siqib bormoqdamiz. Ularning qoldiqlari bilan ham shug‘ullanamiz", — dedi Netanyahu.
Tinglovchilardan biri Isroil G‘azoning butun hududini egallashi kerakligini hayqirib aytganida, Isroil hukumati rahbari bu yo‘nalishda ham ish olib borilayotganini ta’kidladi.
Reuters'ning yozishicha, hozirda Isroil G‘azo sektori hududining 64 foizini egallab turibdi. Ammo The Wall Street Journal nashri 25 may kuni boshqa raqamlarni keltirgan. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning may oyiga kelib SAXAL hududning 59 foizini nazorat qilayotgan bo‘lgan.
2025 yilning oktyabr oyida Isroil va HAMAS o‘rtasida kelishuv imzolangan paytda Isroil armiyasi (SAXAL) G‘azoning 53 foizini egallab turgan edi. Ushbu hujjat Isroil armiyasi avvaldan kelishilgan chiziqqacha ortga chekinishini va natijada nazorat ostidagi hududning qariyb 20 foizini yo‘qotishini ko‘zda tutgandi.
Biroq nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, SAXAL turli uchastkalarda bu chiziqni bir necha bor surishni davom ettirgan. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar ham Isroil ushbu chiziqni faol ravishda mustahkamlayotgani va yangi harbiy tayanch punktlarini qurayotganini ko‘rsatmoqda.