Bugun 29 may, 2026 yil, juma

КИР

AQSh O‘zbekistonning bo‘lajak raqibidan 21 kunlik karantin talab qildi

AQSh O‘zbekistonning bo‘lajak raqibidan 21 kunlik karantin talab qildi

Shu yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar Shimoliy Amerika qit’asining uch davlati — AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan Jahon chempionati starti arafasida jiddiy muammo yuzaga keldi. Musobaqa yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Kongo Demokratik Respublikasi (DR) terma jamoasining mundialdagi ishtiroki xavf ostida turibdi.

Bunga mamlakatda xavfli Ebola virusining tarqalgani sabab bo‘lgan. Vaziyat tufayli AQSh hukumati Kongo delegasiyasining barcha a’zolari zimmasiga mamlakatga kirishdan oldin rasman 21 kunlik majburiy izolyasiya (karantin) muddatini o‘tash talabini qo‘ydi. Terma jamoaning okean ortidagi JCh bahslarida qatnashishi faqatgina ushbu tibbiy shart to‘liq bajarilganidan so‘ng kafolatlanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o‘tgan hafta Kongo DR hududida Ebola virusining «Bundibujio» shtammi tarqalish xavfi «o‘ta yuqori» darajada ekanidan ogohlantirgan edi. So‘nggi tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda ushbu mamlakatda 1000 dan ziyod kasallanishga gumon qilish holatlari aniqlangan va virus tufayli 246 ta o‘lim qayd etilgan.

Kongo DR hukumatining ma’lum qilishicha, mamlakat futbol federasiyasi (FECOFA) yuzaga kelgan inqirozli vaziyat yuzasidan FIFA bilan shoshilinch muzokaralar olib borgan. Natijada delegasiyani to‘liq tibbiy va sanitariya protokollariga moslashtirish choralari ko‘rildi. Xususan, jamoaning Kinshasa shahrida rejalashtirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini bekor qilindi va tayyorgarlik jarayoni zudlik bilan mamlakat tashqarisiga ko‘chirildi.

Terma jamoa ixtiyoridagi futbolchilarning katta qismi Yevropa yashil maydonlarida to‘p surishi virus bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi. Shuningdek, oy boshida Kinshasani tark etgan texnik xodimlar va jamoa rasmiylari AQSh sanitariya talablariga muvofiq, Amerikaga uchib ketishdan oldin Yevropada kamida 21 kunlik tibbiy nazoratdan o‘tishadi.

Bundan tashqari, Kongo hukumati mundial o‘yinlari uchun chipta xarid qilgan mahalliy muxlislar taqdiridan ham xavotirda. Epidemiologik vaziyat sababli kongolik ishqibozlar AQSh vizasini olishda jiddiy ma’muriy to‘siqlarga duch kelishmoqda. Ayni paytda rasmiylar chiptalar uchun sarflangan mablag‘ni muxlislarga qaytarib berish masalasida FIFA bilan muzokara o‘tkazmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oradan 52 yil o‘tib ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqqan Kongo DR terma jamoasi turnir davomida AQShning Xyuston shahrida istiqomat qilishi belgilangan edi. Qur’aga ko‘ra, jamoa guruh bosqichida 17 iyun kuni Portugaliya, 23 iyunda Kolumbiya va 27 iyun kuni Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Kiritildi: 23:24 28.05.2026. O'qildi: 211 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!