Nestle kompaniyasi ifloslangan suvni taqiqlangan usullar yordamida filtrlab, uni “tabiiy mineral suv” sifatida sotganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Bild xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Fransiyadagi mineral suv manbalari boshqa narsalar qatori najas, Escherichia coli bakteriyalari va pestisidlar bilan ifloslangan. Nestle kabi kompaniyalar suvni noqonuniy ravishda filtrlab, keyin uni “mineral suv” sifatida sotgani aytilmoqda. Mediapart tadqiqot platformasining ta’kidlashicha, so‘nggi 15 yil ichida kompaniyaning firibgarlik miqdori 3 milliard yevroni tashkil etgan. Iste’molchilar aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.
Kelgusi hafta Yevropa komissiyasi ushbu masala yuzasidan tekshiruv bo‘yicha hisobotni e’lon qilishi kutilmoqda. Yevropa Ittifoqi direktivasiga muvofiq, “tabiiy mineral suv” bir qator mezonlarga javob berishi kerak, masalan, tabiiy tozalikka ega bo‘lishi va ifloslanmagan yerosti manbalaridan kelishi kerak. Nestle vakili e’lon qilingan ma’lumotlarga qo‘shilmasligini bildirgan.