Germaniyadagi faollar Volkswagen’ning Osnabryukdagi zavodida Isroilning Iron Dome havo mudofaa tizimi uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarilishi mumkinligiga qarshi chiqmoqda.
Nemis jamoat tashkilotlari va urushga qarshi harakat vakillari Volkswagen konsernining Isroil davlat mudofaa kompaniyasi Rafael Advanced Defense Systems bilan ehtimoliy hamkorligiga qarshi kampaniyani kengaytirish niyatida.
Bunga OAVda tarqalgan xabarlar sabab bo‘ldi. Unga ko‘ra, 2027 yilda yengil avtomobillar ishlab chiqarish to‘xtatilganidan keyin Volkswagen’ning Osnabryukdagi zavodi Iron Dome havo mudofaa tizimi uchun qismlar ishlab chiqarishga moslashtirilishi mumkin. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, korxonada Isroil havo mudofaa tizimi uchun raketa uchirish qurilmalari, transport vositalari va generatorlar ishlab chiqarilishi mumkin.
Osnabrück Peace Initiative (OFRI) tashabbusi vakili Mari Dominik Giyyar faollar zavodning fuqarolik yo‘nalishini saqlab qolish maqsadida mitinglar, jamoat aksiyalari va namoyishlar o‘tkazishini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy ishlab chiqarishni kengaytirish xavfsizlikni mustahkamlashga yordam bermaydi va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish hamda xalqaro huquq tamoyillariga zid. Giyyar, shuningdek, Rafael bilan ehtimoliy hamkorlikni tanqid qildi va uning fikricha, Isroil davlat kompaniyasining ishtirok etishi Isroilning harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni anglatadi.
Taniqli nemis tinchlik faoli Rayner Braun ham ehtimoliy kelishuvni keskin tanqid qilib, uni «yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan» deb atadi. U Volkswagen xodimlarini korxonani harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tkazish rejalariga qarshi chiqishga chaqirdi va Germaniyadagi urushga qarshi harakat bunday qarorga rozi bo‘lmagan ishchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Volkswagen kompaniyasining o‘zi esa yengil avtomobillar ishlab chiqarish tugaganidan keyin zavodning kelajagi uchun turli variantlar ko‘rib chiqilayotganini tasdiqladi. Kompaniya yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini ta’kidladi va Rafael bilan muzokaralar haqidagi xabarlarni tasdiqlashdan bosh tortdi.
Avvalroq nemis Bild gazetasi Volkswagen’ning yirik aksiyadorlaridan biri bo‘lgan Qatar suveren fondi Isroil kompaniyasi bilan hamkorlikka qarshi chiqqanini xabar qilgan edi. Biroq keyinchalik WirtschaftsWoche jurnali tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etayotganini yozdi.
Osnabryukdagi zavod taqdiri Volkswagen’dagi keng ko‘lamli qayta tuzish jarayoni fonida muhokama qilinmoqda. Bu jarayon Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining raqobati kuchayishi va elektromobillar bozori o‘sishi kutilganidan sekinroq kechayotgani bilan bog‘liq.
Ayni paytda Rafael Yevropa davlatlarida mudofaa xarajatlari oshishi fonida Yevropadagi ishtirokini kengaytirmoqda.