Xitoyning Misr bilan iqtisodiy aloqalari so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda, Turkiya bilan munosabatlarda esa Pekinning investisiya faolligi kutilgan darajaga yetmagan. Tahlilchilar bu farqni ikki davlatning geografik o‘rni, siyosiy munosabatlari va iqtisodiy muhiti bilan izohlamoqda.
Xitoy va Misr o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 20 milliard dollarga yetgan. Sues kanali iqtisodiy zonasida Xitoy investisiyalari ishtirokida 200 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ikki davlat markaziy banklari o‘rtasidagi valyuta svop kelishuvi ham Misrda valyuta taqchilligi davrida qo‘llanilgan mexanizmlardan biri bo‘ldi.
Misrning Xitoy uchun ahamiyati uning strategik joylashuvi bilan ham bog‘liq. Mamlakat Sues kanali orqali Osiyo, Yevropa va Afrika o‘rtasidagi muhim savdo yo‘nalishini nazorat qiladi. Shuningdek, Misrning arab dunyosi va Afrikadagi siyosiy ta’siri Pekin uchun muhim omil sifatida ko‘rsatilmoqda.
Turkiya bilan savdo munosabatlarida esa katta nomutanosiblik mavjud. 2025 yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 53 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, shundan 50 milliard dollari Xitoydan Turkiyaga import, taxminan 3 milliard dollari esa Turkiya eksporti hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Anqara Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusida muhim o‘rin egallashga intilib, O‘rta koridorni ushbu loyiha bilan bog‘lashga harakat qilmoqda. Biroq tahlilchilarning fikricha, bu ham Xitoy investisiyalarini kutilgan darajada jalb qilish uchun yetarli bo‘lmagan.
Mutaxassislar bu holatda Turkiyaning investisiya muhiti, G‘arb bilan yaqin aloqalari va NATO a’zoligini ham muhim omillar qatorida keltirmoqda. Misr esa Xitoy va AQSh bilan bir vaqtda munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lgan davlat sifatida ko‘rilmoqda.
Shu sababli tahlilchilar Xitoyning Misrga qiziqishi faqat investisiyalar bilan emas, balki Sues kanali, transport yo‘laklari, mintaqaviy bozorlar va Pekinning uzoq muddatli geoiqtisodiy strategiyasi bilan ham bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.