«7 avgust kuni biz Rossiya imperializmining og‘ir oqibatlarini yodga olamiz. Aynan shu kuni, 2008 yilda Rossiya Federasiyasi Gruziyaga qarshi harbiy harakatlarni boshlab, Abxaziya va Janubiy Osetiya hududlarini okkupasiya qilish orqali mamlakatning hududiy yaxlitligiga yanada putur yetkazdi», — deyiladi Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va Fransiyaning «besh kunlik urush» boshlanganining 18 yilligi munosabati bilan e’lon qilgan qo‘shma bayonotida. Ushbu to‘rt davlatning barchasi NATO a’zosi hisoblanadi.
Bayonotda Rossiyaning Janubiy Osetiya «hokimiyatlari» bilan tuzgan kelishuvi xalqaro huquqning «ochiqdan-ochiq buzilishi» deb baholangan. Hujjat tomonlarning huquqiy tizimlarini «uyg‘unlashtirish» va harbiy hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
«Ushbu hujjat, shuningdek, mintaqa rahbari etib Rossiya fuqarosi — Kurchatov institutining sobiq direktori Marat Kambolov tayinlangani hududning to‘liq anneksiya qilinishi mumkinligi haqida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu javobsiz qolmaydi», — deyiladi qo‘shma bayonotda.
Evropa Ittifoqi ham Moskvaning Abxaziya va Janubiy Osetiyani amalda Rossiyaning huquqiy va xavfsizlik makoniga integrasiya qilishga qaratilgan harakatlari kuchayganidan xavotir bildirdi.
«9 may kuni Moskva va Sxinvali o‘rtasida imzolangan “Ittifoqchilik hamkorligini chuqurlashtirish to‘g‘risidagi kelishuv”, shuningdek, Rossiya amaldorining Janubiy Osetiya “prezidenti vazifasini bajaruvchi” etib tayinlanishi xalqaro huquq nuqtai nazaridan hech qanday yuridik kuchga ega emas», — deyiladi Yevropa Ittifoqining 2008 yilgi Gruziya urushi boshlanganining yilligi munosabati bilan tarqatgan bayonotida.