Ittifoqdosh davlatlar Ukrainaga kerakli barcha qurol-yaroq bilan to‘liq ta’minlaydi.
Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina bu masalada xotirjam bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Ryutte AQSh va NATOning Ukrainaga tezkor ravishda muhim qurol-yaroq va uskunalar yetkazib berishga qaratilgan qo‘shma tashabbusi — PURL dasturi uchun 15,5 milliard dollar albatta ajratilishini tasdiqladi.
U moliyalashtirishda ayrim davlatlar o‘rtasida nomutanosiblik borligini tan oldi:
«Hozirda ittifoqdoshlarning uchdan ikki qismi PURL dasturida ishtirok etyapti. Moliyaviy yukni taqsimlash muammosi bor, ammo u hal etiladi», — dedi NATO bosh kotibi.