O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqich 2026 yil 15–31 yanvar kunlari census.stat.uz portali orqali onlayn shaklda amalga oshirildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, atigi 17 kun ichida mamlakatdagi xonadonlarning 82,3 foizida yashovchi 30 milliondan ortiq fuqaro onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Bu ko‘rsatkich MDH davlatlari orasida eng yuqori natijalardan biri sifatida qayd etilmoqda.
Yuqori qamrov yurtdoshlarimizning raqamli xizmatlardan foydalanish madaniyati va onlayn platformalarga bo‘lgan ishonchi oshib borayotganini ko‘rsatadi. Ro‘yxatga olish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, ma’lumotlar takrorlanishi va xatolar avtomatik aniqlanadi.
Onlayn bosqichda qatnashmagan yoki savolnomani xato to‘ldirgan fuqarolar uchun ikkinchi bosqich 4–28 fevral kunlari o‘tkaziladi. Bu davrda mahalla vakillari uyma-uy yurib, ma’lumotlarni planshetlar orqali tizimga kiritishadi.
Ro‘yxatga olish natijalari mamlakatning demografik, ijtimoiy va iqtisodiy holatini baholash, maktab, bog‘cha, shifoxona va infratuzilma ob’ektlarini rejalashtirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni ikkinchi bosqichda faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz.