Xalqimiz orasida ko‘p bor aytiladigan ushbu so‘zlar aynan kredit oluvchilarga aytilgan bo‘lsa ajab emas. Bunga amal qilish esa foydadan holi bo‘lmaydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati Qorako‘l tumanlararo sudining 2024 yil 19 noyabrdagi sud hujjatiga asosan qarzdor Z.Qodirovadan undiruvchi “Garant bank” AJ foydasiga 251.620.436 so‘m kredit qarzdorligi, 28.749.367 so‘m foiz qarzdorligi, jami 280.369.804 so‘m undirish, undiruvni garov mulki hisoblangan qarzdorga tegishli 2023 yilda ishlab chiqarilgan, “Tracker 2 TRK Premier” rusumli avtotransport vositasiga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Olot tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgan. Qarzdorlikni bartaraf qilish uchun qonunchilikka muvofiq qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsada, ijro hujjati talablari bajarilmagan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasi tumani hududida aniqlanib, tegishli tartibda vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun qarzdorga muddat berilgan hamda bartaraf qilinmagan taqdirda, avtomashina auksion savdolarga chiqarilishi haqida rasman ogohlantirilgan.
Hozirda, ijro harakatlari davom etmoqda.