Namangan viloyatida to‘y kortejida qatnashib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan 50 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, haydovchilar drift harakatlarini bajargan, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan, transport vositalari va piyodalar uchun xavf tug‘dirgan. Shuningdek, ular sodir etgan huquqbuzarliklarni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgani aniqlangan.
Sud qaroriga asosan, yo‘l bezoriligi va qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan 25 nafar haydovchi bir yil muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etildi hamda ularga BHMning 25 baravari miqdorida jarima belgilandi.
Qolgan 25 nafar haydovchiga esa BHMning 5 baravari — 2 million 60 ming so‘m jarima qo‘llanilgan.