Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyat boshqarmasiga fuqaro murojaat qilib, “B” ismli shaxs 1 dona 50 AQSh dollarini berib, ushbu AQSh dollarini o‘zi ishlaydigan bank muassasasidagi detektor orqali tekshirib ko‘rishini, agar detektordan o‘tsa, xuddi shunday qalbaki AQSh dollarini olib kelib, fuqarolarga o‘tkazishini aytganligini bayon qilgan.
Ushbu murojaatda keltirilgan vajlarni o‘rganish maqsadida, viloyat DXX bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.J. va A.T.lar oldindan til biriktirib, fuqaroni moddiy rag‘batlantirish evaziga qalbaki 7 050 AQSh dollarini bank muassasasidan so‘mga ayirboshlash uchun bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan B.J. va A.T.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.