Germaniya kansleri Fridrix Mers Trampga javob qaytardi, lekin muomala ohangini yumshatdi.
AQSh prezidenti Donald Trampning Germaniyadan 5 ming nafar amerikalik askarni olib chiqish haqidagi qarori va bir necha kunlik ochiq bahs-munozaralardan so‘ng, kansler Fridrix Mers o‘z ohangini ancha yumshatdi, deb yozadi Der Spiegel.
ARD telekanaliga bergan intervyusida Mers: "Men transatlantik aloqalar ustida ishlashdan va Donald Tramp bilan hamkorlik qilishdan voz kechmayman", — deb bayonot berdi.
Kansler amerikaliklarni NATO bo‘yicha "eng muhim sheriklar" deb atadi. Shu bilan birga, u Germaniya hukumati va AQShning ayrim masalalarda, masalan, Eron bilan urush masalasida fikrlari turlicha ekanini tan olish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Mers hamkorlikdagi muhim jihatlarni oldindan muhokama qilish lozimligiga e’tibor qaratdi.
"Agar biz bunday mojaroda senga yordam berishimizni istasang, unda bizga oldindan qo‘ng‘iroq qil va fikrimizni so‘ra", – dedi u.
Kansler, shuningdek, Jo Bayden va’da qilgan "Tomahawk" qanotli raketalarini joylashtirish hozircha amalga oshirilmasligini tasdiqladi va buni amerikaliklarning o‘zida hozircha raketalar yetarli emasligi bilan izohladi. Biroq u o‘rta masofali raketalarni joylashtirish masalasi hali kun tartibidan tushmaganini qo‘shimcha qildi.
Keyinroq Mers X sahifasida AQSh va Germaniyaning umumiy maqsadi borligini yozdi: "Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi", – deydi u.