Bu haqda G‘arb razvedkasi ma’lum qildi
CNN, Financial Times va "Vajnie istorii" nashrlari tanishib chiqqan Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birining razvedka hisobotiga ko‘ra, Kremlda Vladimir Putinga nisbatan fitna va suiqasd uyushtirilishi, jumladan, dronlar qo‘llanilishi ehtimolidan xavotir ortib bormoqda.
Vaziyatga javoban Putinning xavfsizligi keskin kuchaytirilgan. Federal qo‘riqlash xizmati prezident ma’muriyatidagi tekshiruvlarni qattiqlashtirgan, Putinning harakatlanishini cheklagan va amalda uni himoyalangan bunkerlardan turib ishlash tizimiga o‘tkazgan. Rossiya prezidenti endi Moskva viloyati va Valdaydagi qarorgohlariga ham bormay qo‘ygan.
Shuningdek, Putin bilan bevosita aloqada bo‘lgan xodimlar — oshpazlar, fotograflar va qo‘riqchilar ustidan nazorat kuchaytirilgan: ularga oddiy telefonlardan va jamoat transportidan foydalanish taqiqlangan, uylariga esa kuzatuv tizimlari o‘rnatilgan. Hisobotda sobiq Mudofaa vaziri Sergey Shoygu "vaziyatni izdan chiqaruvchi ehtimoliy kuch" sifatida ko‘rsatilgan. Uning sobiq birinchi o‘rinbosari Ruslan Salikovning 2026 yil martidagi hibsga olinishi "elita xavfsizligining norasmiy kafolatlariga putur yetkazgan".
Bundan tashqari, kuch tuzilmalari o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygani va ular Ukraina maxsus xizmatlari hujumlaridan himoyalana olmagani uchun bir-birini ayblayotgani sababli ichki nizolar xavfi ortgani qayd etilgan, deyiladi xabarlarda.