Namanganda Uychi tumani orqali Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarini viloyat markazi bilan bog‘lovchi yangi yo‘l va Norin daryosi ustiga ko‘prik qurilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Uychi tumanidagi o‘rganishlari jarayonida umumiy uzunligi 17.5 km.ni tashkil etuvchi mazkur loyiha taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, respublika yo‘l qurilish direksiyasi buyurtmachiligida bosh pudratchi “Toshkent ko‘priklardan foydalanish” DUK tomonidan Norin daryosi ustiga 2024 yilda qiymati 53,6 mlrd so‘mlik 482 metr uzunlikda ko‘prik quriladi. Jami ob’ekt qiymati 184,9 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha sharofati bilan Uychi, Norin tumanlarida transport tirbandliklari va kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari oldi olinib, 100 dan ziyod MFYlarda yashovchi 450 ming aholi va 100 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulaylik yaratiladi.