Bugun 20 may, 2026 yil, chorshanba

КИР

Namanganda 12 yashar bola tok urishi oqibatida vafot etdi​​​​​​​

Namanganda 12 yashar bola tok urishi oqibatida vafot etdi​​​​​​​

Namanganda beshinchi sinf o‘quvchisi tok urishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Millar dasturida ma’lum qilindi.

Mas’ullarning xabar berishicha, voqea joriy yilning 5 may kuni soat taxminan 19:37 larda Namangan viloyatining Davlatobod tumanida ro‘y bergan. 2013 yilda tug‘ilgan bola gilos yeyish maqsadida shu yerda o‘rnatilgan yuqori kuchlanishli elektr transformator ustiga chiqqan vaqtida elektr toki ta’siriga tushib, tok urishi oqibatida vafot etgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum bola xolasining qaramog‘ida bo‘lgan, onasi chet davlatiga ishlash uchun ketgan.

«Jiyanim soat besh yarimda maktabdan kelgan. O‘rtoqlari bilan birpas futbol o‘ynayman deb ko‘chaga tushgan. Oldimizda maydoncha yo‘qligi uchun ko‘chani boshiga o‘ynagani chiqishgan o‘rtoqlari bilan. Transformatorga tegib ketganmi, nima bo‘lgan, ko‘rmaganmiz. Chaqnash bo‘lib portlagan, qo‘shnilar qarashgan. Qo‘shnilar birinchi yordam ko‘rsatamiz deb, yonida kanal borligi uchun loy chaplashgan. Bola tirik bo‘lgan», — deydi bolaning xolasi.

Ayolning aytishicha, bolani shifoxonaga olib borishgan, ammo u yerda birinchi yordam ko‘rsata olishmagan. U shifoxonaga yetib borganida jiyani vafot etgan bo‘lgan.

O‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Marhum bola Davlatobod tumanidagi 56-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 5-V sinf o‘quvchisi bo‘lgan.

«Transformator yonlari panjara bilan o‘ralgan bo‘lganda ham, elektr tarmoqlari bilan ishim bo‘lmasdi. Elektr tarmoqlari javobgar bu narsaga. Simlari osilgan, hozir ham hatto qulflanmagan. Hozirgi paytgacha axlatlarni tozalab, bir sim-pimlarni sal yig‘ishtirib qo‘yishdi, lekin to‘siq qo‘yishgani yo‘q. Mening bolamning o‘rnida boshqa bola ham bo‘lishi mumkin, qo‘ni-qo‘shnilarni bolasi. Biz bilan hech kimning ishi yo‘q. Na bir mahalla qo‘mitasi, na bir shirkatimiz. Hech kim xabar ham olmadi. Hatto ta’ziyaga chiqishgani yo‘q», — deydi marhumning xolasi.

Bosh prokuratura axborot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Davlatobod tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlarining faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Kiritildi: Bugun 14:55. O'qildi: 293 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!