Muzliklarning erishi natijasida dengiz sathining ko‘tarilishi dunyodagi eng yirik shaharlarni suv bosishi xavfini tug‘dirmoqda.
Global iqlim o‘zgarishi dengiz sathining ko‘tarilishiga olib keladi. Olimlarning ogohlantirishicha, asr oxiriga kelib dunyodagi eng yirik shaharlar suv ostida qolishi mumkin.
Sayyorada «issiqxona effekti» tufayli haroratning oshishi har ikki qutbdagi muzliklarning tez erishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, Antarktidadagi Tueytsa muzligida har yili 80 milliard tonnaga yaqin muz suvga aylanadi. Grenlandiya muzliklari esa okeanga Antarktidanikidan ikki barobar ko‘p muz «to‘kadi».
Bundan tashqari Alp, And, Himoloy tog‘larida qor eriydi, bu mahalliy ekotizimlarga salbiy ta’sir qiladi va chuchuk suv zaxiralarini kamaytiradi.
Dunyoning eng yirik megapolislari iqlim o‘zgarishidan yanada ko‘proq xavf ostida. Jakarta, Amerikaning sharqiy sohilidagi Nyu-York shaharlari va quyoshli Mayami suv tagida qolish xavfi ostida, deb yozadi Planet Today. Osiyoda suv toshqini Shanxay va Mumbayga tahdid solmoqda, Yevropada esa Venesiya, Amsterdam va Gamburgda kattaroq suv toshqinlari kutilmoqda.
Olimlarning bashoratlariga ko‘ra, 2100 yilga kelib, qirg‘oqbo‘yida joylashgan shaharlar hududining katta qismi botqoq bo‘lib qoladi yoki suv ostida qoladi, bu esa odamlarning ommaviy ko‘chishiga sabab bo‘ladi.