Bugun 29 aprel, 2025 yil, seshanba

КИР

Musulmonlarni yarashtirish niyatingiz bo‘lsa...

Musulmonlarni yarashtirish niyatingiz bo‘lsa...

Qur’oni Karimda bir-biriga dushman bo‘lgan va bir-biridan nafratlanganlarni yarashtirilgani haqidagi oyat mavjud. Bu oyat nozil bo‘lishi o‘z tarixiga ega.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam davrlarida Yasrib (hozirgi Madina) shahrida bir-biriga dushman bo‘lgan Avs va Xazraj qabilalari istiqomat qilgan.

Madinada yashayotgan boshqa qabilalar bir tomonni tanlab, ularning ittifoqchisi bo‘lishga majbur edilar.

Avs qabilasini Banu Nazir, Banu Qurayza yahudiy qabilalari va arablarning Munayza badaviy qabilalari qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Xazraj qabilasini esa boshqa yahudiy va badaviy qabilalar qo‘llashgan.

Eng ko‘p qon to‘kilishiga sabab bo‘lgan jang Buos yonida sodir bo‘lgan edi va unda Avs qabilasi g‘alaba qozongan. Jang paytida ikkala qabila sardori halok bo‘lgan.

 Islomni qabul qilgach, qabilalar Payg‘ambarimiz alayhissalomni himoya qilishga so‘z berdilar va hijratdan keyin ular orasidagi dushmanlik ham to‘xtatildi. Ko‘p yillik qarama-qarshilik va dushmanlikka qaramasdan ular yarashib oldilar. Shunday qisqa fursat ichida yarashish, nafratning do‘stlikka almashishi, yarasha olmaydigan dushmanlar jipslashishi aql bovar qilmaydigan hodisadir.

Payg‘ambarimiz alayhissalom va sahobalari Allohning bandalari qalblaridagi nafratni o‘zaro mehrga aylantirish mo‘’jizasining guvohlari bo‘lishdi.

Alloh taolo Qur’onda:

«Hamda ularning qalblarini birlashtirgandir. Agar Er yuzidagi hamma narsani sarf qilsang ham, ularning qalblarini birlashtira olmas eding. Lekin Alloh ularni birlashtirdi. Albatta, U o‘ta izzatlidir, o‘ta hikmatlidir.» (Anfol, 63).

Insoniyat tarixida turli xalqlar, qabila-urug‘lar va millatlarni islomchalik birlashtirgan tuzum yoki mafkura yo‘q. Bo‘lmaydi ham. Kishilar qalbidan Islom munosib o‘rin olgan joylarda va zamonlarda millatchilik, mahalliychilik, tarafkashlikning salbiy ko‘rinishlari tamoman yo‘qolgan. (Bu masalalar xalqlar boshiga bitgan balo bo‘lgani hammaga ma’lum.) Chunki Islom birodarligi irq, nasab, til, qabila, qavm asosida emas, Allohga bo‘lgan muhabbat asosida bo‘ladi.

Ushbu oyatdan oddiy, ammo eng muhim xulosa chiqarish mumkin: o‘zaro dushmanlik qilayotgan musulmonlarni yarashtirish niyatingiz bo‘lsa, buni Alloh taolodan so‘rang. Faqat U qalbimizga nur kirgiza oladi. Chin dildan qilingan duogina inson qalbida mehr va muhabbat uyg‘ota oladi. Birodarlar, aka-ukalar, er-xotin yoki boshqa oila a’zolari o‘rtasida nafrat bo‘lsa, Allohga duo qilishgina ularni yarashtirib qo‘yadi.

 Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam nafratdan qutilish va yarashish uchun quyidagi duoni o‘qishni buyurganlar:

«Allohumma allif bayna qulubina va aslih zata baynina, vahdina subulas-salami va najjina minaz-zulumati ilan-nur».

«Allohim, qalblarimizni bir-biriga unsu ulfat qilib bog‘lagin, bir-birimizga muomalamizni yaxshilagin! Bizni salomatlik, omonlik yo‘lidan boshlagin va zulmatdan nurga chiqargin!»

«Robbanaj’al af’idatan minan naasi tahvi ilayna».

«Allohim, insonlarning qalbini bizlarga nisbatan mehr-muhabbat ila to‘ldirgin!»

 

 

Kiritildi: 11:57 11.08.2019. O'qildi: 4683 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!