Bugun, 4 iyul kuni Eron oliy rahbari AQSh va Isroil bilan bo‘lgan urushda Tehron g‘alaba qozongani to‘g‘risida kutilmagan bayonot bilan chiqdi. Uning bu haqdagi murojaati Euronews tomonidan e’lon qilindi.
Xominaiyning murojaati AQSh ma’muriyati Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarda sezilarli yutuqlarga erishilganini bildirayotgan va prezident Donald Tramp Mujtabo Xominaiy bilan shaxsan uchrashishi ehtimolini istisno qilmayotgan bir paytda berildi.
"Qadrli Eron xalqiga shuni aytmoqchimanki, sizlarning qurolli kuchlar safidagi jasur farzandlaringizga qarshi kurashda mag‘lub bo‘lgan makkor dushman bugun nafaqat jang maydonida, balki jamoatchilik oldida ham chuqur va og‘ir tahqirli vaziyatni boshdan kechirmoqda. Shu sababli u turli hiyla-nayranglarga tayanib ish tutmoqda", — degan Eron oliy rahnamosi.
Xominaiyning bayonoti, ehtimol, tinchlik kelishuviga yaqinlashilayotganidan dalolat berishi mumkin. U Eron xalqini bunga tayyorlar ekan, bir vaqtning o‘zida ichki birdamlikni saqlashga chaqirmoqda.
"Taxminan 80 yil avval Isroil deb ataluvchi harbiy tayanchni yaratgan hukmron tizim “Buyuk Isroil” deb ataluvchi soxta va to‘qib chiqarilgan geografiyaning sharqiy chekkasida, ya’ni Furot daryosining sharqida joylashgan, ko‘plab ustunliklarga ega, qudratli va mustaqil Eronning mavjudligini qabul qilmaydi", — deya qo‘shimcha qilgan Xominaiy.