AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Rossiyaning Ukraina bilan urushini tugatish bo‘yicha "juda jiddiy muzokaralar olib borayotgani"ni ma’lum qildi.
"Biz suhbatlashamiz va ehtimol, juda muhim bo‘lgan biror narsa qilamiz. Biz bu urushni tugatmoqchimiz. Men prezident bo‘lganimda bu urush hech qachon boshlanmagan bo‘lardi," deya Tramp yana bir bor ta’kidladi.
Prezident AQShning urushni tugatish masalasini "juda jiddiy muhokama qilayotgani"ni aytdi. Jurnalistlar bu muhokamalaring Rossiya bilan olib borilayotganini aniqlashtirdi. "Ha, Rossiya bilan," deb javob berdi Tramp.
U batafsil ma’lumot keltirmadi. Bir kun oldin Tramp Putin bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan aloqalari haqida izoh berishdan bosh tortgan, ammo bu yo‘nalishda "ishlar yaxshi ketayotganini" ta’kidlagan edi.
30 yanvar kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin va Donald Tramp hozirgacha telefon orqali gaplashmaganini aytgan edi. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov 31 yanvar kuni muzokaralar bo‘yicha "hech qanday o‘zgarish yo‘q"ligini ma’lum qilgan.