Bugun 9 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Qozog‘istonda ikki qishloq karantinga olindi

Qozog‘istonda ikki qishloq karantinga olindi

Qozog‘istonning Aqmola viloyati Otbosar tumanidagi ikki qishloq kuydirgi aniqlangani sababli karantinga yopildi. Bu haqda Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning iyun oyi oxirida Sog‘liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarova Otbosar tumanida bir necha kishida kuydirgi aniqlangani haqida xabar bergan. O‘shanda to‘rt nafar bemor haqida aytilgan, ularning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda deb baholangan. Vazir ularning barchasiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini bildirgan, epidemiya tarqalishining oldini olish choralari ko‘rilayotgani aytilgan. O‘sha vaqtda Alnazarova tumanda karantin joriy etilmasligini bildirgan.

Ammo ma’lum bo‘lishicha, Otbosarda karantin baribir joriy etilgan. Aydarbek Saparovning aytishicha, kasallik aniqlangan qishloqlarda dastlab cheklov choralari joriy etishgan. Hozirda 7 kishida kuydirgi aniqlangan, ulardan biri og‘ir ahvolda.

“Bu hududlarga na odamlar, na chorva harakati bo‘lishi kerak. Biz ularni to‘sib qo‘ydik, shlagbaum o‘rnatildi. Respublika epizootik guruhimiz dezinfeksiya, ishlov berish va yo‘q qilish ishlarini olib bordi. Laboratoriya xulosasini olganimiz zahoti 1 iyul kuni karantin e’lon qildik. 19 kishi kasallangan, ulardan biri og‘ir ahvolda, qolganlarining ahvoli o‘rtacha. Ular shifokorlar nazoratida, sog‘ayishmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimi ularni nazoratga olgan,” deydi Saparov hukumat brifingida.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, karantin 15 kun davom etadi. Shundan so‘ng yangitdan tahlillar olinadi. Agar kuydirgi tasdiqlanmasa, cheklovlar bekor qilinadi.

Keyinchalik vazirlik matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, Aydarbek Saparov xato qilgan – jami 19 kishidan tahlil olingan, ulardan yetti nafari kuydirgiga chalingani tasdiqlangan, qolgan 12 nafarining natijalari manfiy chiqqan.

Ma’lumot uchun, kuydirgi – Bacillus anthracis bakteriyasi sababli yuzaga keladigan, barcha turdagi uy va yovvoyi hayvonlar hamda odamlar uchun o‘ta xavfli infeksion kasallik hisoblanadi.

Kiritildi: Bugun 12:00. O'qildi: 1110 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!