Payg‘ambarlar kelishi bir muddat to‘xtab qolgach, Iyso alayhissalom va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklari orasida insoniyat juda katta boshvoqsizlikka va zoyelikka yuz tutdi. So‘ng Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklari boshlandi. O‘zidan oldin o‘tgan barcha payg‘ambarlarning ta’limotlarini o‘zida jamlovchi, ularning tugallovchisi bo‘lgan bu payg‘ambarlik o‘zidan oldin o‘tgan barcha risolat va shariatlarni nasx – bekor qildi. Shu bilan birga, bu payg‘ambarlik bashariyatning barchasi uchun umumiy edi.
Alloh taolo Saba’ surasida marhamat qiladi:
«Seni barcha odamlarga faqat xushxabarchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik. Lekin odamlarning ko‘plari bilmaslar» (28-oyat).
Rasululloh alayhissalotu vassalomning payg‘ambarliklari barcha zamonlar va makonlar uchun barobar edi. Shu bois bu payg‘ambarlikning sohibi ham oliy darajada bo‘lmog‘i, ana shu buyuk risolatni, omonatni ko‘tarishga qodir bo‘lishi kerak bo‘lardi. Shuning uchun Alloh subhanahu va taolo u zotga xos ajralib turadigan sifatlarni ixtiyor qildi.
Alloh taolo yaratgan bandalari ichida eng afzali, payg‘ambarlarning oxirgisi va mukammali bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlari barcha insoniyat uchun o‘rnak ekaniga, shuningdek, Alloh taoloning inoyati ila yo‘g‘rilgan ushbu muborak hayotning har bir lahzasi o‘ta aniqlik va diqqat bilan o‘rganilganiga ham zarracha shubha yo‘q.
Ha, bu ulug‘ hayot qanchalik diqqat bilan o‘rganilsa, shunchalik yaxshi.
Chunki bu hayot Odam Atoning pushtidaligidan to oxirgi lahzasigacha Alloh taoloning alohida inoyatiga sazovor bo‘lgan bir hayotdir!
Chunki u eng afzal bandaning, eng so‘nggi va eng mahbub Payg‘ambarning muborak hayotidir.
Chunki bu hayotning salkam yigirma uch yili osmon bilan yerning, ya’ni Robbul olamin bilan olamlarning bevosita bog‘lanishiga sabab bo‘lgan hayotdir.
Chunki bu hayot uning sohibi ilohiy dastur asosida to‘laqonli va yer yuzida jonli Qur’on bo‘lib yashagan hayotdir.
Chunki bu hayot barcha uchun go‘zal o‘rnak manbai, mo‘min-musulmonlar uchun ilhom chashmasi bo‘lgan hayotdir.
Chunki bu hayot uni diqqat bilan o‘rganib, undan o‘rnak olib, ergashib yashagan kishilar uchun jannat yo‘liga yetaklovchi hayotdir.
Chunki bu hayot osmonlar malakutiga ko‘tarilgan, har lahzasi Alloh taoloning vahiysi ila yo‘lga solingan va farishtalar ham havas qilgan hayotdir.
Shu bilan birga, bu hayot yer voqeligidan ajrab qolmagan, oddiy insonlik tabiatidan mutlaqo chetlamagan, oddiy ota-onadan tug‘ilib o‘sgan kamtar bir bandaning hayotidir.
Qolaversa, bu hayot dunyodagi barcha ezgu fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan, barcha razolatlardan yiroq zotning hayoti ekani bilan diqqatga molikdir.
Chunki bu hayot Alloh taoloning O‘zi tomonidan yetarli darajada maqtalgan hayotdir.
Chunki bu hayot oshiqlari ishqida yonib, uni diqqat bilan o‘rgangan va undan imkoni boricha o‘rnak olgan hayotdir.
Chunki bu hayot uning dushmanlari kamchilik topa olmay dog‘da qolgan, unga tuhmat qilib sharmanda bo‘lgan va oxiri uning buyukligiga tan bergan hayotdir.
Ana shunday vasfiga so‘z ojiz hayotni o‘rganishda, unga ergashishda bu muborak hayotning hamasrlari bo‘lmish sahobai kiromlar dunyo xalqlariga namuna bo‘lganlar. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlarining har bir lahzasini o‘ta sinchkovlik va diqqat bilan o‘rganib borganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, u zot tomonlaridan sodir etilgan har bir harakatu sakinat (harakatsizlik) sahobai kiromlarning diqqat-e’tiborida bo‘lgan.
Sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlarining har bir lahzasi haqidagi o‘zlari bilgan ishonchli ma’lumotlarni tobe’inlarga omonat ila o‘rgatganlar. O‘z navbatida, tobe’inlar bu ma’lumotlarni o‘zlaridan keyingi musulmonlar avlodi – taba’a tobe’inlarga qoldirganlar.
Asta-sekin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘rganadigan ilm va bu ilmning ko‘zga ko‘ringan ulamolari yuzaga chiqa boshlagan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmga «As-siyratun-nabaviyya», bu ilmda mutaxassis bo‘lgan olimlarga esa «Siyrat ulamolari» nomi berilgan.
«Siyrat» so‘zini arab tilidan tarjima qiladigan bo‘lsak, «bir inson hayotining tarixi, hayot yo‘li», ta’bir joiz bo‘lsa, «tarjimai hol» iborasiga to‘g‘ri keladi. Binobarin, istilohda «Siyrat – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlarining tarixi, u zotning tarjimai hollari», deya olamiz.
Bu borada so‘z yuritar ekanmiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari (tarixi, bayoni) bu dunyoda o‘tgan barcha payg‘ambar alayhissalomlarning siyratlariga nisbatan eng to‘g‘risi, eng mukammali va eng ishonchlisidir. Insoniyat tarixidagi hech bir payg‘ambarning hayoti ilohiy kitobda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlarichalik yoritilmagan. Hech bir payg‘ambar haqida u zotning hayotlari haqida sahobalar qilgan rivoyatlarchalik uzluksiz rivoyatlar kelmagan. Boshqa payg‘ambarlarning siyratlarida aniqlanmagan, uzilib qolgan halqalar juda ko‘p.