Hozirgi murakkab sharoitda butun dunyoda ishsizlarning ko‘payishi, yordam va ko‘makka muhtoj aholi sonining ortib borishi kuzatilmoqda. Bunday sinovli kunlarda barchani birdamlikka, sabr-toqatga va bag‘rikenglikka chaqirayotgan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati yo‘lga qo‘yildi va bir qator hamyurtlarimiz o‘z saxovatpeshaligi orqali elimiz, shifokorlarimiz, armiyamiz, qolaversa, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash olib borayotgan barcha-barcha bilan birga ekanliklarini isbotlashmoqda.
Aynan el boshiga ish tushgan shunday vaziyatda butun respublikamiz bo‘ylab minglab tadbirkorlar aholi qatlami va ayrim tashkilotlarga baholi-qudrat yordam ko‘rsatish borasida o‘rnak bo‘lishmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimiz aholisining surkunali kasalliklarga chalingan fuqarolarini, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalar, nafaqadagi harbiylar hamda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari uchun oziq-ovqat, gigiyena, dori-darmon vositalarini yetkazib berish ishlarida, shuningdek, blokpostlarda xizmat burchini bajarayotgan harbiylarga amaliy ko‘mak berib kelayotgan ayrim nodavlat, notijorat tashkilot vakillari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mudofaa vazirligining bir guruh ofiserlari tomonidan «Havoqand People», «DURDONA TEKSTIL», «MUMTOZBEGIM TEKSTIL BIZNES» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari rahbarlariga ana shu mukofotlar topshirildi. Shuningdek, «SHERXON ECO BILDING» hamda «TOSHKENT TARAQQIYOT BIZNES» xususiy korxonalari asoschisi Miraziz Mamajonov, «Premium Line» savdo uyi bosh menejeri Alesya Kim ham Mudofaa vazirligi tomonidan ta’sis etilan mukofot va maxsus ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.