O‘zbekistonda sovuq ob-havo sabab gaz ta’minotida cheklovlar bo‘lishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
9−11 noyabr kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida havo harorati pasayib, yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan vazirlik energiya resurslari ta’minotida barqarorlikni saqlash choralarini ko‘rmoqda.
O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, ushbu kunlarda shimoliy va tog‘li hududlarda qor, boshqa joylarda esa yomg‘ir yog‘adi. Tungi harorat shimolda -7 darajagacha, mamlakatning boshqa ayrim hududlarida -1…-2 darajagacha pasayishi mumkin.
Ayni paytda Toshkent shahri va boshqa hududlarda isitish mavsumini boshlash ishlari olib borilmoqda.
Gaz ta’minotida aholi xonadonlari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy ob’ektlarga ustuvorlik beriladi.
“Zarurat tug‘ilgan taqdirda, mavsumiy iste’molchilar, jumladan, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) faoliyati vaqtincha cheklanishi mumkin”, - deyilgan xabarda.
Bunday cheklovlar hokimliklar bilan kelishilgan va tasdiqlangan grafiklar asosida joriy etiladi. Iste’molchilar cheklovlar haqida oldindan xabardor qilinadi.
Vazirlik gaz yoki elektr ta’minotida muammolarga duch kelgan fuqarolarni tunu kun faoliyat yuritadigan quyidagi raqamlar orqali murojaat qilishga chaqirdi:
1104 — gaz bosimi va ta’minoti bilan bog‘liq muammolar;
104 — gaz avariya xizmati;
1154 — elektr energiyasi uzilishlari va tarmoqdagi nosozliklar.
Energetika vazirligi fuqarolarni isitish mavsumida xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi.