Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Bishkekda o‘tayotgan Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrasharkan, uni yana bir bor Ukraina bilan urushni to‘xtatishga chaqirdi.
"Urushning har bir kuni insoniyatni orqaga tortyapti. Harbiy harakatlarni tugatishga o‘tish kerak" , – deya Modining so‘zlarini keltirdi “Interfaks”.
Hindiston va Rossiya yetakchilari Vladimir Putinning 2025 yil dekabrida Hindistonga amalga oshirgan davlat tashrifidan buyon ilk marta yuzma-yuz uchrashdi. Ular o‘zaro muloqotini shu oy Nyu-Dehlida o‘tadigan BRICS sammitida ham davom ettiradi.
Narendra Modi Vladimir Putinni Ukrainadagi urushni to‘xtatishga bundan avval ham omma qarshisida ochiqchasiga da’vat qilgan.
"Bugungi davr urush davri emas. Biz siz bilan telefon orqali ham ko‘p marta gaplashganmiz: demokratiya, diplomatiya va muloqot - dunyoga ta’sir qiladigan vositalardir", – degandi Modi 2022 yilda SHHTning Samarqand sammitida.
"Bombalar, qurollar va o‘qlar sharoitida muammoga yechim topish va tinchlik bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli bo‘lishi imkonsiz", – degandi u 2024 yilda Moskvaga tashrifi vaqtida.
Hindiston yetakchisi 2024 yilda Ukraina poytaxti Kiyevga tashrifi vaqtida ham tomonlarni dialog va diplomatiya orqali masalaga yechim topishga chaqirgandi.