“Inter Mayami” futbol klubi hujumchisi Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 39 yoshli futbolchi bu haqda o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
"Bu qaror men uchun og‘riqli va haligacha azob bermoqda, ammo hozir ayni vaqti ekanligini tushunib turibman. Qasam ichamanki, men nafaqat hamma narsani yutgan so‘nggi bir necha yil ichida, balki undan oldin ham Argentina terma jamoasiga doim bor kuchimni berganman.
Men milliy terma jamoada o‘ynashni yaxshi ko‘rganman va doim shunday bo‘lib qoladi. Men unga borimni berdim, menda boshqa beradigan hech narsa qolmadi va buning ustiga ortimdan terma jamoada bo‘lishga loyiq ajoyib yosh futbolchilar kelmoqda. Ushbu 20 yil davomidagi barcha mehr va qo‘llab-quvvatlashingiz uchun rahmat", — deyiladi argentinalik futbolchining bayonotida.
Messi bu so‘zlarni 21 iyul kuni, JCH-2026 finalidan ikki kun o‘tib yozganini qo‘shimcha qildi.
Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasi safida 2005 yildan beri to‘p surib kelayotgan edi. U terma jamoa tarkibida JCH-2022, ikkita Amerika Kubogi (2021, 2024) va Finalissima (2022) kuboklarini qo‘lga kiritdi. Terma jamoa safida Messi 207 ta o‘yinda 125 ta gol urdi, bu terma jamoalar miqyosida tarixda Krishtianu Ronaldudan keyingi ikkinchi eng yaxshi natijadir.