Amerika harbiy qo‘mondonligi Larak oroliga tungi hujum preventiv xususiyatga ega bo‘lgani va kemalarni mina o‘rnatilishidan himoya qilishga qaratilganini bildirdi.
AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Amerika harbiylarining Hurmuz bo‘g‘ozidagi Larak oroli yaqinida o‘tkazgan operasiyasini harbiy tahdidni oldindan bartaraf etishga qaratilgan «cheklangan zarba» deb baholadi.
Vashingtonda ta’kidlanishicha, hujum faqat «tinch aholiga mansub dengizchilar, savdo kemalari va jahon savdosining erkin harakatini himoya qilish» maqsadida amalga oshirilgan.
Amerika idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, aniq nishonlarga qaratilgan operasiya AQSh razvedkasi ma’lumotlariga asosan Hurmuz bo‘g‘ozini yopish maqsadida raketalar va dengiz minalarini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (KSIR) kuchlariga qarshi yo‘naltirilgan. Ikki zarba natijasida KSIRga tegishli ikkita raketa uchirish qurilmasi yo‘q qilingan.
CENTCOM Eron tomonidan yuzaga keltirilgan «bevosita tahdid» bartaraf etilganini va operasiya keng ko‘lamli keskinlashuvni maqsad qilmaganini ta’kidladi. Eron tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan va yana ikki kishi yaralangan.
AQSh harakatlariga javoban Eron Iordaniyadagi Amerika harbiylari foydalanadigan Muvaffaq Salti va Qirol Husayn aviabazalariga ballistik raketalar bilan zarba berdi.
Shuningdek, Eron Qurolli kuchlari Birlashgan Arab Amirliklaridagi «Al-Minhad» bazasida joylashgan amerikalik harbiylar va vertolyotlarga hujum qilish uchun o‘nlab uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalandi.