Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduro AQShdagi hibsxona ichidan olingan ilk suratlarini e’lon qildi.
U yanvar oyida AQSh maxsus kuchlari tomonidan Venesueladan olib ketilganidan buyon Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi federal hibsxonada saqlanmoqda.
Maduro suratlarni yakshanba kuni X va Telegram'dagi sahifalarida e’lon qildi.
Suratlarda Maduro kulrang sport kiyimida tasvirlangan. U ikki qo‘li bilan “V” ishorasini ko‘rsatib turibdi. Sobiq prezidentning qo‘lga olinganidan beri ancha vazn yo‘qotgani ko‘rinadi.
"Men bu suratlarni barcha nabiralarimga, barcha o‘g‘il-qizlarga va bizni yaxshi ko‘radigan barcha yaxshi insonlarga kichik sovg‘a sifatida yuboryapman", — deb yozdi u ispan tilida.
Shuningdek, u qat’iyat bilan turishini ta’kidlab, Xudo unga yo‘l ko‘rsatishiga ishonch bildirgan.
"Shuni bilishingizni istaymanki, biz qat’iyat bilan turibmiz, qalblarimiz sizning mehringizga to‘la. Biz kuchli, xotirjam va ishonch bilan qolamiz. Yaratgan biz bilan, u yo‘l ko‘rsatadi. Venesuela yana yuksaladi", — deya qo‘shimcha qilgan Maduro.
Suratlardagi vaqt belgilariga ko‘ra, ular 25 iyun kuni olingan. AFP agentligi suratlarning haqiqiyligi va ularni e’lon qilishga hibsxona ma’muriyati tomonidan ruxsat berilgan-berilmaganini aniqlash uchun muassasa bilan bog‘lanishga uringan. Biroq agentlik hozircha javob olmagan.