Misr O‘zbekiston fuqarolari uchun mamlakatga kirish qoidalarini kuchaytirmoqda.
2026 yil 1 noyabrdan boshlab Misrda O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi kirish qoidalari kuchga kiradi. Bu haqda O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi diplomatik kanallar orqali olingan ma’lumotlarga tayanib xabar berdi.
Yangi talablarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari kirish vizasini Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali oldindan rasmiylashtirishlari kerak bo‘ladi. Turistik sayohatlarni vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etish zarur.
Turistlarning yoshiga qarab alohida cheklovlar nazarda tutilgan:
40 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari: Misrga faqat yaqin oila a’zolari — ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari hamrohligida sayohat qilish mumkin bo‘ladi. Bunda, sayohat vaqtida oilaning yonida kamida $5000 miqdorida naqd pul bo‘lishi kerak;
40 yoshdan oshgan O‘zbekiston fuqarolari: Mustaqil sayohat qilayotgan turistlar o‘z yonida kamida $3000 miqdorida naqd pulga ega bo‘lishi lozim.
Shuningdek, Misrga kirish vaqtida mehmonxona band qilinganligi tasdig‘i, mobil aloqa uchun kontakt ma’lumotlari va yetarli moliyaviy mablag‘ga ega ekanlikni isbotlovchi dalillarni taqdim etish talab qilinadi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik turistlar Misr hududida bo‘lgan vaqtlarida turistik vizani boshqa turdagi vizaga o‘zgartirish bo‘yicha ariza bera olmaydilar.