Misrda ikkita poyezd to‘qnashuviga poyezdlardan birida “stop-kran” dastagining bosilishi sabab bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida 32 kishi halok bo‘lgan, 100dan ortiq kishi jarohatlangan.
Misr temir yo‘llar boshqarmasida ma’lum qilinishicha, Luksor-Iskandariya yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan poyezdda noma’lum kimsalar favqulodda to‘xtash dastagini bosgan. Ortdan Asuan-Qohira yo‘nalishi bo‘yicha kelayotgan poyezd to‘xtashga ulgura olmagan va oldida to‘xtab qolgan poyezdga kelib urilgan.
Buning oqibatida birinchi poyezdning oxirgi ikkita vagoni va ikkinchi poyezdning teplovozi kuchli zararlangan.
Yo‘lovchilarga yordamga birinchi bo‘lib mahalliy aholi yetib kelgan. Voqea joyiga 70dan ortiq tez yordam mashinasi jo‘natilgan. Jarohatlanganlar yaqin oradagi shifoxonalarga yetkazilgan. Shuningdek, mahalliy shifokorlarga yordamga Qohiradan qo‘shimcha personal keltirilgan. Ahvoli og‘ir kishilarni Qohiradagi shifoxonaga yetkazishga qaror qilingan.
Voqea joyiga Misr bosh vaziri Mustafo Mabduli va yana 5 vazir yo‘l olgan. Poyezdlarning mashinistlari hibsga olingan va so‘roq qilinmoqda.
Maxsus texnik komissiya to‘qnashuvni tergov qilish bilan shug‘ullanadi. Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirgan va “aybdorlar tegishli jazo olishiga” va’da bergan.