Otabek Salmanov MIBning Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga, Ayubxon Alimov esa Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyrug‘iga muvofiq, Salmanov Otabek Bahodirovich Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, deb xabar berdi MIB matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Salmanov 1982 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U ish faoliyatini 2009 yilda Sud ijrochilari Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar bo‘limi sud ijrochisi sifatida boshlagan. 2014 yilda esa Sud departamentining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
2017 yilda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettirgan.
Mazkur tayinlovga qadar u Byuroning Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Shuningdek, Bosh prokurorning buyrug‘iga ko‘ra, Alimov Ayubxon Alimovich Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Alimov 1981 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U ish faoliyatini 2007 yilda Sud ijrochilari Farg‘ona viloyati Bag‘dod tuman bo‘limi sud ijrochisi sifatida boshlagan.
2018 yildan buyon Byuro organlarida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2021 yilda Dang‘ara tumani va keyinchalik Qo‘qon shahar bo‘limlari boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.
Mazkur tayinlovga qadar u Byuroning Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.