Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan banklar foydasiga undiruv bilan bog‘liq ijro hujjatlarining ijrosi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2024 yilda ish yurituvdagi bank undiruvlari bo‘yicha jami 5 trillion 852 milliard so‘mlik 31 mingga yaqin ijro ishlari mavjud bo‘lib, shundan 22 mingdan ortiq 5 trillion 12 milliard so‘mlik ijro hujjatlarining ijrosi tamomlangan.
Shuningdek, 842,6 milliard so‘mlik garovdagi 1 ming 602 mulk auksion savdosiga chiqarildi hamda banklar foydasiga undiruv amalga oshirildi.
Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor korxonalardan undiruvchi Biznesni rivojlantirish banki foydasiga 7 milliard 941 million so‘m miqdorida kredit qarz summalarini undirish belgilangan.
Qarzdor korxona qarz summalarini o‘z vaqtida qoplamagani sababli, majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi. Garovda bo‘lgan 4 ta ko‘chmas mulk ob’ektidan 2 tasi xatlanib, auksion savdolariga chiqarilgan.
Hozirda jami 6 milliard so‘mga xatlangan mol-mulklar auksion savdolariga chiqarildi. Auksion savdolaridan tushgan pul mablag‘lari bank foydasiga yo‘naltiriladi.
Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.