O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» futbolchisiga aylanishga yaqin turibdi.
20 yoshli himoyachi «Lans»dan 50 million yevro evaziga Angliya klubiga ko‘chib o‘tsa, FIFA qoidalariga ko‘ra Husanovning avvalgi ikki klubi – «Energetik-BGU» va «Bunyodkor» ham ma’lum miqdorda mablag‘ ishlab oladi.
Football24.ru xabariga binoan, Husanovning transferidan uning «Lans»dan avvalgi jamoasi «Energetik-BGU»ga 340 ming yevro ajratiladi. Belarus klubi 2023 yilda o‘zbek futbolchisini 100 ming yevroga Fransiya klubiga transfer qilgandi. Abduqodir 18 yoshdan 19 yoshigacha ushbu jamoa safida 37ta o‘yinda maydonga tushgan.
Jurnalist Nodirxo‘ja Yo‘ldoshevning telegramdagi kanalida yozishicha, Husanovning «Man Siti»ga transferidan «Bunyodkor»ga FIFA reglamentiga binoan 2% haq to‘lanadi. Ya’ni, 12-15 yoshgacha 0.25 foizdan jami 4 mavsumga 1 foiz va 16-17 yosh uchun 0.50 foizdan 1 foiz, jami – 2%. Bu – 1 million yevro to‘lanadi, deganidir.
Ma’lumot uchun, Husanov «Bunyodkor» asosiy jamoasiga taklif etilmagan bo‘lsa-da, u klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi va jamoaning yoshlar tarkibida harakat qilgan.