Meta sun’iy intellekt (SI) sohasidagi ishlanmalarni moliyalashtirish uchun aksiyalarni joylashtirish orqali 35 milliard dollar jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Bloomberg nashri xabar berishicha, bu haqda AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) tomonidan e’lon qilingan hujjatlarda ma’lum qilingan.
Facebook ijtimoiy tarmog‘ining bosh kompaniyasi bo‘lgan Meta, shuningdek, qiymati 60 milliard dollargacha bo‘lgan qo‘shimcha aksiyalar chiqarishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan. Hozircha ushbu bitimni amalga oshirish muddatlari belgilanmagan.
Kapital jalb qilish rejalari Meta ovoz berish huquqini bermaydigan yangi turdagi aksiyalarni joriy etganidan bir necha kun o‘tib e’lon qilindi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu sun’iy intellekt sohasidagi raqobat sharoitida moliyalashtirish manbalarini izlashda ko‘proq moslashuvchanlikni ta’minlaydi.
Nvidia, AMD va Broadcom chip ishlab chiqaruvchi kompaniyalari Meta tomonidan taklif etilayotgan oddiy aksiyalarni umumiy qiymati 5 milliard dollargacha bo‘lgan miqdorda sotib olishga qiziqish bildirgan. Biroq ularning niyatlari hozircha majburiy xususiyatga ega emas.
Meta sun’iy intellekt imkoniyatlarini rivojlantirish uchun xarajatlarini faol ravishda oshirmoqda. Investorlar esa ushbu sarmoyalar o‘z samarasini berayotganini tasdiqlovchi natijalarni kutmoqda.
Yangi turdagi aksiyalar ovoz berish huquqini bermagani sababli, kompaniya asoschisi va bosh direktori Mark Sukerberg aksiyadorlar ovoz berishidagi nazoratini susaytirmasdan turib, bunday aksiyalarni chiqarishi mumkin.
Avvalroq Google kompaniyasining bosh kompaniyasi Alphabet sun’iy intellekt texnologiyalariga xizmat ko‘rsatuvchi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini kengaytirish maqsadida aksiyalarni joylashtirish orqali 85 milliard dollar jalb qilgan edi.