Meta o‘zining sun’iy intellekt yordamchisidagi xavfsizlik nuqsonini bartaraf etganini ma’lum qildi. Ushbu nuqson ayrim holatlarda xakerlarga boshqa foydalanuvchilarning Instagram akkauntlariga kirish imkonini bergan.
Ma’lum qilinishicha, hujumchilar joylashuv ma’lumotlarini soxtalashtirish orqali akkaunt parolini o‘zgartirishi, so‘ngra AI chatbotdan akkauntga bog‘langan elektron pochta manzilini almashtirishni so‘rashi mumkin bo‘lgan.
Meta vakili Endi Stounning aytishicha, muammo bartaraf etilgan va ta’sirlangan akkauntlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim davlat rahbarlari akkauntlari ushbu nuqson orqali buzib kirilgani haqidagi xabarlarni «mutlaqo yolg‘on» deb atagan.
404 Media nashrining yozishicha, xavfsizlik nuqsoni haqidagi xabarlar bir qator mashhur akkauntlarning egallab olinishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan. Ular qatorida Barak Obama prezidentlik davrida foydalangan tasdiqlangan Instagram akkaunti ham borligi aytilmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, akkaunt nazorat tiklangunga qadar qisqa muddat ichida Eronni qo‘llab-quvvatlovchi xabarlar joylashtirilgan.
Hozircha ushbu nuqsondan qancha akkaunt jabr ko‘rgani rasman ma’lum qilinmagan.