Bugun 23 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Messining xayrlashuv maktubi e’lon qilindi

Messining xayrlashuv maktubi e’lon qilindi

«Inter Mayami» klubi forvardi Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlash qaroriga izoh berdi.

39 yoshli jahon chempioni muxlislar va jamoadoshlariga ochiq xat e’lon qilib, unda milliy jamoadan ketish qaroriga qachon va qanday sharoitda kelganini bayon etdi.

«Finaldan keyin o‘tgan vaqt va uzoq o‘y-muhokamalardan so‘ng barchaga shuni ma’lum qilmoqchiman: men milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayapman… Bu qaror menga og‘ir tushdi, hali ham og‘riqli. Lekin tushunib turibmanki, aynan hozir eng to‘g‘ri payt.

Ishonaman, men doim bor kuchimni berganman – faqat so‘nggi yillarda emas, biz hammasini yutgan paytlardagina emas, balki undan oldin ham. Har doim kurashganman, shu forma uchun borimni berganman, sizlarga xursandchilik ulashish, futbol orqali argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun harakat qilganman.

Endi faqat ozgina vaqt qoldi. Boblar yakunlanadi, bu bob esa juda og‘riqli. Milliy jamoada o‘tkazgan har bir daqiqamni yaxshi ko‘rganman va doim yaxshi ko‘raman. Bor kuchimni sarfladim. Endi beradigan narsam qolmadi. Qolaversa, ortimdan kelayotgan yosh, iqtidorli futbolchilar bor – ular terma jamoada bo‘lishga munosib», – deb yozadi Messi.

U o‘z xatini shunday davom ettiradi: «So‘nggi 20 yil davomida menga bergan mehringiz uchun rahmat. Men buni juda sog‘inaman. Endi men ham sizlardan biriga aylanaman – tribunadan sizlar bilan birga quvonaman, sizlar bilan birga alam chekman.

Oilamga alohida rahmat – doim yonimda bo‘lgani, bu go‘zal, ammo og‘ir safarda meni qo‘llab-quvvatlagani uchun. Har bir murabbiy, har bir jamoadosh va menejerga minnatdorman – ular bilan birga ishlash men uchun omad bo‘ldi. O‘zim bilan unutilmas xotiralar va lahzalarni olib ketayapman.

Men ketayapman, lekin ko‘nglim xotirjam – sizlarga va jamoadoshlarimga bir necha ertakka o‘xshash onlarni ulashganimdan faxrlanaman. Bularni sizlar bilan birga boshdan kechirish ajoyib bo‘ldi. Sizlarni yaxshi ko‘raman!

Tangriga shukr qilamanki, men argentinalikman. Olg‘a, Argentina!»

Messi xatining oxirida quyidagilarni qo‘shimcha qildi: «Izoh. Bu so‘zlarni 21 iyul kuni, jahon chempionati finalidan ikki kun o‘tib yozganman. Bugun esa, otam bilan bog‘liq voqealardan keyin, bu qarorimga avvalgidan ham ko‘proq ishonch hosil qildim».

Eslatib o‘tamiz, Lionel Messining otasi Xorxe 8 avgust kuni uzoqqa cho‘zilgan kasallikdan so‘ng 68 yoshida vafot etdi. Biznesmen va Messining ko‘p yillik agenti bo‘lgan Xorxening sog‘ligi jiddiy yomonlashgani haqidagi xabarlar 2026 yilgi jahon chempionati paytidayoq tarqalgan edi. Shuning uchun ham futbolchi turnirda Jazoirga qarshi o‘yinda jamoasi birinchi gol urganidan keyin maydonda ko‘z yoshlarini to‘xtata olmagandi.

Kiritildi: 12:10 01.09.2026. O'qildi: 814 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!