Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

"Mening dadam amaldor emas"

A A A
"Mening dadam amaldor emas"

Bundan bir necha yillar avval O‘zbekiston Qahramoni, Davlat madhiyasining muallifi Abdulla Oripovning uyiga ziyorat qilgani borgan edik hol-ahvol so‘rab. (O‘sha vaqtda xalqning sevimli  shoiri sog‘ligidagi muammolar sabab chet davlatda davolanib kelgan edi). Ko‘rishdik. Ulug‘ shoir keksalikning ta’siri va salomatligining yaxshi emasligidan anchagina holsizlanib qolgan bo‘lsa-da, ruhan juda tetik edi.

Abdulla Oripovning suhbatida bo‘lgan insonlar, uni yaqindan taniganlar juda yaxshi bilishadi. U inson bilan bo‘ladigan har qanday suhbat mayda-chuyda gap so‘zdan yuqori turar, gapirsa ham eshituvchilar uchun juda qiziq va muhim, “yuki og‘ir” gaplarni so‘zlar edi. Shaxsan men necha marta u insonning suhbatida bo‘lgan bo‘lsam, birorta gap-so‘zlarini shu choqqacha unutmadim. Haligacha  qulog‘imni ostida turadi. Adabiyot, Xalq va Millatning dardi, ma’naviyat, siyosat va boshqa zalvorli gaplardan gapirar edi doim.

O‘sha kungi suhbatda ham O‘zbekistoning buguni va kelajagi haqida ko‘plab fikrlarni aytib o‘tish bilan birga rivojlangan mamlakatlarning yaqin o‘tmish tarixi va  hozirgi taraqqiyot strategiyalari bosqichlari, xususan ta’limda qanday siyosat olib borilganligi haqida kishini jiddiy mulohazaga chorlaydigan fikrlarni aytib o‘tdi. Ayniqsa, Yaponiyaning ta’lim dasturi uzoqni ko‘zlab tuzilganligi, ibratli va korrupsiyadan mutlaq tozalanganligi, “o‘g‘irlab ishlatishga” munosib ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Biroz o‘y surgach, Toshkent viloyatidagi maktablardan birida o‘quvchi yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvni gapirib berdi.

- Ko‘plab endi unib kelayotgan maktabning o‘spirin bolalari bilan suhbat qurdik. Ularning maqsadini, kelajakda kim bo‘lishini so‘radim. Shunda  10-sinf bir yigitchadan maktabni bitirgach qaysi oliygohga kirmoqchi ekanligini so‘raganimda undan kutilmagan va daxshatli javobni oldim. Eshiting-a! “Hech qaysi oliygohga topshirmoqchi emasman, mening dadam amaldor emas... O‘qitgani ham, ishga joylagani ham ortiqcha puli yo‘q...”

Suhbatni shu yeriga kelganda Abdulla Oripovning ovozi mahzun tortib, anchagina jim bo‘lib qoldi. U kishiga qaraganimda ko‘zidan yosh oqar, dastro‘moli bilan ko‘z yoshlarini artar edi.

Bizga yuzlanib, “O‘zingiz ayting, endigina hayot bo‘stoniga kirib kelayotgan, dimog‘idagi har bir nafasi xalqi va vatani uchun kirib chiqadigan o‘ktam o‘spirinning shunday fikrga borib qolgani, uning ruhiy siniqligi hammamizning og‘ir fojiamiz emasmi?! Bu ildiz otib, gurkirab ketgan korrupsiya daraxtining hozirgi “mevasi” emasmi?! Yana qancha bor jamiyatda bunday fikrlaydigan o‘spirin nihollar..?”

Albatta, yuqoridagi suhbatga ham o‘n yillar bo‘lib qoldi. Men o‘sha vaqtda universitetning bitiruvchi talabasi edim.

Vijdon bilan aytadigan bo‘lsak, bundan bir necha yillar avval ham ko‘plab sohalarda, jumladan, Davlatning qudratli kuchga aylanishini ta’minlaydigan eng muhim nuqta - ta’lim sistemasida korrupsiya tomirlari avj olib ketgan edi.

Universitetga kirishning turli “strategiyalari” paydo bo‘ldi. Ilmdor boshlarning o‘rniga “puldor kallalar” kirib diplomli bo‘lib chiqdi oliygohlardan. Men aynan korrupsiya bilan oliygohga kirganlarning aksarini o‘qib, ilmli bo‘lib chiqdi deb aytolmayman ishonch bilan. Diplomli bo‘lib chiqdi desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Otamning roziligi mening halol va vijdonan yashab o‘tishimda edi. Necha yillar  jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, talaba bo‘ldim. Oliy ma’lumotli shaxs bo‘lish oson kechmadi, albatta. Universitetni bitirib ishga joylashdim. Bir  haqiqatni tushunib  yetdimki, Siz qanday bo‘lishni istasangiz yo‘lingizni shunday belgilar ekan yaratgan ham.

Ishga kirgach, xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning muammolarini tinglash, qonuniy yechimini ko‘rsatish va buzilgan haq-huquqini tiklash uchun yeng shimarganimda korrupsiya “epidemiyasi” men o‘ylagandan kengroq tarqalganiga guvoh bo‘ldim.

“Uka, qizimni ishga joylab bo‘lmayapti. Yordam bering, biz ham qarab turmaymiz...”

“Pensiyaga chiqishda necha yillik mehnat davrim arxivdan chiqmadi,  “yo‘li” bordir ularni qo‘shdirishga?..”

“O‘g‘limni nogironlik nafaqasiga chiqarib olishim qiyin kechyapti, biz ham qarab turmaymiz agar ishimiz bitib qolsa...”

Xammasiga sabr bilan masalaning qonuniy yo‘l-yo‘rig‘ini tushuntirasiz, pulsiz ham “tanish-bilishsiz” ham ishi bitganini, qonuniy haq-huquqi tiklanganini ko‘rganida sizni ham, hukumatni ham duo qiladi. Vijdoningiz xursand bo‘ladi davlat to‘layotgan maoshni halollab olayotganingiz uchun.

Yuqoridagi holatlar korrupsiya balosining bir bo‘lagi o‘laroq kichik gap bo‘lib ko‘rinar. Biroq, katta fojealar kichiklaridan, katta daryolar ham kichik jilg‘alardan boshlanishini bilgan inson hech bir yaxshilikning ham, yomonlikning ham kichigini kichik sanamasligi lozim. Ulkan nahanglar ham zarraday baliqchalardan paydo bo‘ladi.

Korrupsiya haqida maqola yozishni boshlaganimda uzundan-uzun raqam va faktlarni keltirishdan avval,  yuqoridagi ulug‘ shoir bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni qog‘ozga tushirishim muhimroqday tuyulaverdi. Albatta, fakt va raqamlar zarur har qanday yo‘nalishning yukini taroziga tortishda. Bu holatning asl ko‘lamini o‘lchashga xizmat qiladi. Lekin shu bilan birga, bir muammoni (muammo bo‘lganda ham kichik emas, eng og‘riqli muammo) yozishda uning asl mohiyatini chuqur his qilish kerak deb o‘ylayman ruhan va aqlan. Shundagina, masalaga yondashishda umumiy quruq chaqiriq va bayonlardan holi bo‘ladi.

Konstitusiyamiz qabul qilinganining 26 yillik tantanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev quyidagi so‘zlarni aytib o‘tgan edi:

“Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz.

Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z ichki dasturlari bo‘lishi shart”.

Chindan ham, huquqni muxofaza qiluvchi idoralarning o‘zi korrupsiyaga qarshi kurashishi yetarli bo‘lolmaydi. Ba’zan ularning o‘zi ham hali korrupsiyadan yetarli darajada “toza emasligi”ni guvohi bo‘lib turibsiz rasmiy axborotlarda. Har bir shaxs, shu mamlakatning har bir fuqarosi korrupsiyaning asl mohiyatini chuqur his qilishi lozim. Unga qarshi ayovsiz kurashishi kerak.

Xalqaro-huquqiy hujjatlar va milliy qonunchilik asosida, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yaratilgan. Mexanizmlar qog‘ozda qolmasligi kerak. Bu mexanizmning ayovsiz ishlashi uchun barcha birday ma’sul deb hisoblayman.

2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan  “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish belgilangan.

Qonunning 7-moddasiga ko‘ra, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti – korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari hisoblanadi.

Ma’sul idoralar, xususan adliya organlari tomonidan olib borilayotgan tizimli va va manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlari natijasida aholi orasida huquqiy bilim va ko‘nikma tobora yuksalib bormoqda. Insonlarda qonunlarni bilish va unga amal qilish, amal qilishni talab qilish darajasi ortib borgani sari korrupsiya daraxti ham so‘la boshlaydi. Bu xuddi ostiga suv quyilmagandan keyin quriy boshlagan tikonli, badbo‘y daraxtga o‘xshaydi.

Ayrim rivojlangan mamlakatlarda korrupsiya ko‘lamining pastligiga faqatgina davlat sababchi emas. Balki o‘sha mamlakatning fuqarolari korrupsiyaga qarshi ommaviy kurashadi.

Ishini bitirish uchun “bermaydi”. Qonun bilan talab qiladi.

Olishiga, o‘marishiga yo‘l qo‘ymaydi. Hisobot so‘raydi.

Bir-ikki kishi emas. Hamma!

Oddiy misol, AQShda shtat gubernatori istagan ishini qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Istagan fuqarosining mulkini undan olib bunga tortiq qilmaydi. Kreslosidan foydalanib qonundan ustunlik qila olmaydi. Jamoatchilik nazorati bor. Har-bir hatti-harakatiga javob beradi.

 “Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z ichki dasturlari bo‘lishi shart”-deb jamoatchilik nazoratiga urg‘u bergan edi Prezidentimiz.

Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Parlament va Prezidentga bo‘ysunadigan alohida davlat organini tashkil qilishni taklif qilganida ham mamlakatning ertangi kuni, rivojlanishi va chinakam huquqiy demokratik jamiyat qurishni ko‘zlab yana bir katta qadam tashlaganini tushunish mumkin.

Mamlakat rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi qo‘yilayotgan ulkan maqsadlarning to‘la amalga oshishi uchun barchamiz birday ma’sul va kamarbasta bo‘lishimiz zarur!.

Toki, xozir va keyin ham ruhi siniq maqsadsiz yoshlar bo‘lmasin jamiyatda.

Toki, xalqimiz o‘zlari orzu qilgan, ideal demokratik jamiyatni ko‘ra olsinlar o‘z vatanida.

Bahriddin Muhamadaliyev,

Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim katta maslahatchisi

 

 

Kiritildi: 12:16 20.05.2020. O'qildi: 4090 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik